Jahon | 16:08 / 16.01.2016
2217
2 daqiqa o‘qiladi

Jakartadagi teraktga aloqadorlikda gumon qilinib, 12 kishi hibsga olindi

Indoneziya politsiyasi 14 yanvar kuni mamlakat poytaxti Jakarta shahrida sodir etilgan davomli teraktlarga aloqadorlikda gumon qilib, 12 kishini qo‘lga oldi. Bu haqda Reyter agentligi xabar qildi.

"Politsiya G‘arbiy va Markaziy Yavada hamda Sharqiy Kalimantan viloyatlarida jami 12 kishini qo‘lga oldi. Ular Jakartadagi teraktga aloqadorlikda gumon qilinmoqda", deydi Indoneziya politsiyasi boshlig‘i Badriddin Haitiy.

Bundan oldinroq, Indoneziyada Jakartadagi teraktlar tufayli 11ta ekstremistik sayt hamda bir qator akkauntlar yopib qo‘yilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 14 yanvar kunining birinchi qismida Jakartada IShID vakillari 7ta portlash sodir etishdi. Portlashlardan biri Sarinah nomli savdo markazi oldida, yana biri BMT binosi va Starbucks kafesi oralig‘ida sodir bo‘lgani xabar qilingandi.

Portlashlar ro‘y bergan tumanda hashamatli mehmonxonalar, ofis binolari hamda bir qancha davlatlarning elchixonalari joylashgan.

Terakt qurbonlari soni 17 kishini tashkil etgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish