Jahon | 21:18 / 17.01.2016
5524
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada xavfsizlik maqsadida yahudiylardan an'anaviy bosh kiyimni kiyib yurmasliklari so‘ralayapti

Fransiyaning Marsel shahridagi Yahudiylar konsistoriyasi boshlig‘i Tsvi Ammar antisemitlar (yahudiy millatiga mansub odamlarga g‘araz bilan qaraydigan kishilar) hujumi tahdidi tufayli yahudiy millatiga mansub kishilarni kipa – an'anaviy yahudiy bosh kiyimini kiyib yurmaslikka chaqirdi. Ta'kidlanishicha, Ammar buni kipa kiyib olgan bir o‘qituvchiga hujum qilingandan keyin aytgan.

Ammarning bu chaqirig‘i ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in munozara keltirib chiqardi. Ma'lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda #TousAvecUneKippa (har bir kishi uchun kipa) xeshtegi ostida kampaniya tashkil etildi.

“Bu tadbir g‘oyasining mohiyati shundaki, agar har bir kishi yahudiy bo‘lish-bo‘lmasligidan qat'i nazar kipa kiyib yursa, kim aslida yahudiy ekanligini anglab bo‘lmaydi”, deb aytdi tadbirning tashkilotchilaridan biri.

Fransiyaning bosh ravvini Xaim Korsia kipa kiyib yurmaslikka qarshi ekanligini aytdi. “Biz kipa kiyib yurishni davom ettirishimiz kerak. O‘zimizni zaif qilib ko‘rsatmaslik kerak”, deb aytdi Korsia.

Avvalroq Marselda 15 yoshli o‘smir kipa kiyib olgan maktab o‘qituvchisini jarohatlagani ma'lum qilingandi. Marsel prokurori Bris Robinning aytishicha, turk millatiga mansub bu o‘smir ushbu hujumni “IShID uchun qilganini” aytgan va shuningdek, politsiyaga ham hujum uyushtirishni rejalashtirganini tan olgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish