Texnologiya | 23:01 / 19.01.2016
12083
2 daqiqa o‘qiladi

2015 yilning eng ommabop 25 ta paroli ro‘yxati chop etildi

SplashData kompaniyasi o‘tgan 2015 yilning eng ommabop 25 ta paroli ro‘yxatini chop etdi, deb xabar bermoqda Gizmodo.

SplashData har yili eng ko‘p ishlatiluvchi parollar ro‘yxatini chop etib boradi. Kompaniya ma'lumotni internetda turli maydonchalarga o‘zgalar parollarini joylashtiruvchi manbalardan oladi. 2015 yilda kompaniya 2 mln ta turli parolni 2014 yildagi natijalar bilan taqqoslab, tahlil qildi.

Ro‘yxatning 1- va 2-o‘rnini 2014 yildagi kabi “123456” va “password” parollari egalladi. 2014 yilda 3-o‘rinni egallagan “12345” paroli o‘rniga “12345678” paroli ko‘tarilib oldi. Mashhur “qwerty” paroli ham bir pog‘onaga ko‘tarilib, 4-o‘rinni egalladi.

“Ongli tarzda” tuzilgan parollar orasida sport turlari nomlari (football va baseball) bilan atalgan parollar ham ommabop bo‘lib qolmoqda. Ro‘yxatga kiritilgan yangi parollar orasida “Yulduzlar janglari” filmining yangi qismi chiqishiga ishora qiluvchi “solo” va “starwars” parollari paydo bo‘ldi. Bu parollar ro‘yxatning mos ravishda 23- va 25-o‘rinini egalladi.