Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mehnat vaziri: Davlat ijtimoiy xizmatlari aholi uchun yanada oson va qulaylashtirildi (Intervyu)
Yakunlangan 2015 yilda aholi turmush farovonligini yaxshilash yo‘lidagi ko‘plab masalalar o‘z yechimini topdi.
Tegishli vazirlik va tashkilotlar nodavlat-notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda ish olib borib, aholi bandligi, mehnatni himoyalash va ijtimoiy muhofaza qilish tizimini takomillashtirish yo‘lidagi masalalarga o‘zaro yechim izladilar. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Aziz Abduhakimov Uzbekistan Today nashri muxbiriga bergan maxsus intervyusida bu borada amalga oshirilgan va oshiralajak ishlar haqida batafsil ma'lumot berdi.
Aziz Abduqahhorovich, yakunlangan yilda vazirlikning qaysi sohasida ish juda murakkab va mas'uliyatli kechdi, deb hisoblaysiz?
– Yakunlangan yilda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining bor kuch-g‘ayrati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2015 yilning 16 yanvarida Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida belgilab berilgan va ijtimioy-iqtisodiy taraqqiyotga mo‘ljallangan muhim vazifalarni bajarishga qaratildi.
Hammamizga yaxshi ma'lumki, aholi bandligi masalasini hal etish ham iqtisodiy rivojlanish jihatidan, ham ishchilar va ularning oilalari ijtimoiy farovonligi jihatidan muhim ahamiyatga egadir. 2015 yili mamlakatimizda 990,4 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Oldindan ishlab chiqilgan rejaga ko‘ra, bu ko‘rsatgich 987,5 mingni tashkil etishi kerak. Maqsadli dasturlar doirasida 265 ming yangi ish o‘rni yaratildi. Vazirlik mutaxassislari yangi ish o‘rinlari yaratish va bandlikni ta'minlash dasturi ijrosini monitoring qilib bordilar va mehnat qonunchiligiga amal qilinishi hamda mehnat muhofazasi borasidagi masalalarni hal etish va takomillashtirish bilan shug‘ullandilar.
Aholini ish bilan ta'minlash jarayonidagi qaysi vaziyatlarni alohida ta'kidlagan bo‘lardingiz?
– Eng avvalo, kasb-hunar kollejlarini tamomlagan va o‘z shaxsiy biznesini ochishga istak bildirgan yoshlarga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ko‘makni alohida tilga olish zarur. Yurtimizning barcha hududlarida “Shaxsiy biznes uchun ochiq eshiklar kuni” loyihasi amalga oshirildi. Mazkur tadbir doirasida ikki soat mobaynida shaxsiy biznesni boshlash uchun kerak bo‘ladigan barcha hujjatlarni rasmiylashtirish imkoni yaratildi. Eng muhimi, har bir ma'lumotnoma yoki boshqa biror hujjat uchun idorama-idora yurishga hojat qolmadi, tegishli idoralar va tashkilotlar xodimlari bir necha kun davomida kasb-hunar kollejlari binolarida yoshlarni qabul qildilar. Kollej bitiruvchilarini ish bilan ta'minlash bo‘yicha ham juda katta ishlar qilindi. Bugungi kunda 2014/2015 o‘quv yillari bitiruvchilarining 90 foizi ish bilan ta'minlandi.
Ishsiz aholini kasbga qayta tayrlash tizimining rivojlantirilishi alohida ahamiyatga molik. Samarqandda koreyalik hamkorlarimiz bilan birgalikda respublikada ikkinchi Kasbiy ta'lim markazi qurilishi boshlandi. Mazkur markaz Toshkentdagi markazning aynan o‘xshashi bo‘ladi. U yerda bepul ravishda vaqtincha ishsiz hamyurtlarimizga turli yetakchi korxonalar uchun xodimlar tayyorlanadi. Shunga yarasha markaz zamonaviy texnika-texnologiyalar bilan ta'minlanadi. Darvoqe, Toshkentdagi markaz bitiruvchilarining barchasi sertirifikatni qo‘lga kiritishlari bilanoq, bir oy ichida ish topib ketmoqdalar.
Keyingi vaqtlarda ish yerlarida mehnatni himoya qilish va mehnat qonunchiligiga rioya qilish tizimini takomillashitirishga ehtiyoj borligi haqida ko‘p gapirilmoqda. Bu borada qanday ishlar qilindi?
– Bu borada ham qator natijalarga erishdik. Xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari O‘zbekistonda majburiy va bolalar mehnatidan foydalanish bo‘yicha ogohlantirish ishlarida salmoqli natijaga erishlganini tan oldilar. O‘tgan yilda majburiy va bolalar mehnatidan foydalanish holati kuzatilmadi. Har qanday bolaning vazifasi – ilm olish. Mamlakatimizda bolalarning 12 yillik ta'limni egallashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Mantiqan, ularning har biri katta hayotni ma'lum bir kasbning diplomli egasi sifatida boshlaydi. Davlat tomonidan berilgan bepul ta'lim huquqining ta'minlanishi davlat tomonidan qattiq nazorat qilinmoqda.
O‘tgan yilda Davlat mehnat huquqi inspeksiyasi faol ishladi. Afsuski, ba'zi joylarda hali ham mehnat normalari himoyasi buzilayapti. Fursatdan foydalanib, mehnat qonunchiligi va texnika xavfsizligiga juda ham diqqatli bo‘lish lozimligini ish beruvchilarga yana bir bor aytib o‘tmoqchiman. Vazirlik tomonidan zamon talabiga mos ravishda, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha katta ishlar qilinmoqda. O‘tgan yilning o‘zida mehnat muhofazasi va iqtisodiyotning boshqa sohalariga oid 170 dan ziyod normativ hujjat ishlab chiqildi va amaliyotga tadbiq qilindi.
Mehnat migratsiyasi masalasi hali ham dolzarb bo‘lib kelmoqda. Bu jarayonlar huquqiy asosda o‘tkazilishi uchun qanday ishlar qilindi?
– Xabaringiz bor, bu masala bilan vazirlik qoshidagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi shug‘ullanadi. Agentlik tomonidan 2015 yilda yuridik shaxslarga Vatanimiz hududida xorijiy ishchi kuchini jalb qilishga 1,5 mingta ruxsatnoma berildi va O‘zbekiston hududida mehnat faoliyatini yuritishga oid 4,8 mingta ariza tasdiqlandi.
O‘zbekiston fuqarolarining Koreya va Yaponiya bilan kelishuv asosida xorijda mehnat qilishlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida ham faol ish olib borildi. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda dunyoning boshqa rivojlangan davlatlari bilan ham mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini ishlab chiqmoqda.
Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida qanday natijalarga erishildi?
– Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan o‘tgan yilning “Keksalarni e'zozlash yili” deb e'lon qilinishi munosabati bilan ijtimoiy himoyaning katta qismi aynan shu yo‘nalishda amalga oshirildi. O‘tgan yili sohada amalga oshirilgan eng muhim ishlardan biri Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Yolg‘iz keksalar, pensiyanerlar va nogironlarni qo‘llab-quvvatlash va manzilli ijtimoiy himoyalashni yanada kuchaytirish bo‘yicha” farmonning qabul qilingani bo‘ldi. Mazkur hujjatga ko‘ra, yolg‘iz keksalarga ularning uyida ijtimoiy xizmat ko‘rsatish va ularga bepul tarqatiladigan shaxsiy gigiyena hamda oziq-ovqat mahsulotlari tizimi takomillashtirildi.
Kiritilgan o‘zgartirishlar, ish jarayoniga yaxshi ta'sir ko‘rsatdi, ijtimoiy xizmatlar yanada sifatli va salmoqli bo‘ldi. Undan so‘ng, vazirlikning butun diqqat-eʼtibori “Saxovat” va “Muruvvat” uylari moddiy-texnik bazasini boyitish ishlariga qaratildi. Vazirlik qoshidagi faxriylar salomatligini tiklashga yo‘naltirilgan sanatoriylar ham e'tibordan chetda qolmadi.
Ta'kidlab o‘tish lozimki, ish jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jalb qilish orqali vazirlik aholiga yanada ochiq va yaqin bo‘ldi. O‘tgan yili vazirlikda ko‘ptarmoqli chaqiruv markazi (call centre) tashkil etildi va 200-06-00 raqamlarida ish boshladi. Markaz uzluksiz faoliyat olib boradi va Respublikamizning har bir fuqarosi qo‘ng‘iroq qilib, mehnat va bandlik masalalari bo‘yicha o‘zini qiynayotgan muammo yuzasidan maslahat va axborot olishi mumkin. Bunday ma'lumotlarni vazirlikning rasmiy sayti www.mehnat.uz. dan ham olish mumkin. Hozirgi kunda Respublikamizning barcha viloyatlari bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlarini rasmiy saytdan ham bilib olish mumkin. Interaktiv xizmatlar ham joriy qilingan. Endilikda yagona portalning interaktiv xizmatlari orqali uy sharoitida ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, “Saxovat” va “Muruvvat” internat-uylariga joylashish bo‘yicha kerakli ma'lumotlar va hujjatlarni olish, vaqtincha ishsiz fuqaro sifatida ro‘yxatdan o‘tish, farzandli bo‘lganligi va farzandni parvarishlash munosabati bilan moddiy yordam olishga doir arizalarni to‘ldirish imkoniyati mavjuddir.
Vazirlikning 2016 yilga mo‘ljallangan rejalar qanday?
– Bu yilda ham biz boshlagan ishlarimizni davom ettiramiz, yangi tashabbuslarni amalga oshiramiz. Qabul qilingan “Yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta'minlash dasturi”ga muvofiq 2016 yilda jami 369,9 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Mazkur ish o‘rinlarining 130,7 minggi sanoat sohasida; 54,5 minggi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sahosi (chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, savzovotchilik, ipakchilik, uzumchilik) da; 56,6 minggi qurilish sohasida; 39,7 minggi ijtimoiy infratuzilmada; 45,8 minggi esa, faoliyati to‘xtab qolgan korxonalarning qayta tiklanishi evaziga tashkil etiladi. Umumiy hisobda, 2016 yilda 992,7 ming yurtdoshimiz ish bilan ta'minlanishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, “Mehnat muhofazasi to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri qabul qilinishi kutilmoqda. Qonun qabul qilingach, unga ko‘ra ish tizimimizda ham o‘zgarish amalga oshiriladi. 2016 yilning asosiy vazifasi esa, “Sog‘lom ona, sog‘lom bola yili” Davlat dasturi va 2020 yilgacha yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironlarni ijtimoiy himoya qilish tizimini rivojlantirish va mustahkamlash Davlat dasturi maqsad va vazifalarini amalga oshirishdir.