Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron 64 yoshga to‘ldi
Bugun, 20 yanvar kuni, taniqli shoir, dramaturg va tarjimon, O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron 64 yoshga to‘ldi.
Xurshid Davron 1952 yilning 20 yanvar kuni Samarqand shahrida tug‘ilgan. 1969 yilda Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirgan. 1974 yildan boshlab nashriyot sohasida, shuningdek, Ma'naviyat va ma'rifat markazida faoliyat yuritgan. 1996 yildan faoliyatini O‘zbekiston teleradiokompaniyasida davom ettirgan.
Dastlabki she'riy to‘plami – “Qadrdon quyosh” 1979 yilda chop etilgan. Ko‘plab she'rlar, dramalar, ssenariylar muallifi. Uning asarlari jahonning qirqdan ortiq tillariga tarjima qilingan. O‘z navbatida, u boshqa xalqlar adiblarining bir qator ijod namunalarini tarjima qilib, o‘zbek kitobxoniga taqdim etgan.
Ustozga uzoq umr, baxt-saodat va barakali ijod tilab qolamiz.
Quyida shoirning bir necha she'rlari keltiriladi:
ChUNKI
Bu bola Mashrabnimas,
Nitsheni sevar.
«Uliss»ni o‘qiydi,
Chunki
«O‘tgan kunlar»
O‘tgan kunlar deydi.
Maktabda dars bergan
Akasining jahli chiqadi,
Chunki u
Nitsheni bilmas,
«O‘tgan kunlar»ni
Kinoda ko‘rgan.
Keksa ota angrayib qaraydi
Ikki o‘g‘liga,
Chunki u
Nitsheniyam,
Qodiriyniyam
o‘qigan emas.
* * *
Bolalikdan bir orzum bor
Yuzi op-poq
Hech kimga aytilmagan
Meni aslo tark etmagan
Bir orzum bor yuragimda
Ko‘zlari o‘ychan
Dengiz yoqasida yashasam
Xilvat sohilida uyim bo‘lsa
Derazalari ochiq tursa
Ravog‘ida za'far tillarang
Qog‘oz bilan o‘ralgan sopol tuvakda
Yam-yashil yaproqli binafshaning
Siyohrang gullari
Menga tikilib turgan ko‘zlari bilan
Dengiz sohilida yashasam
* * *
Ketar chog‘ingda
Dunyoga «Xayr!» deyishni unutma
«Rahmat!» deyishni unutma
«Xayr!» deyishni unutma
Bolalik kunlaringga
Muhabbat tunlariga
To‘rt tomonga
Yaxshi-yomonga
Tuz bilan nonga
Moviy osmonga
Onang quchgan beshikka
Har bir ochiq eshikka
Olisdagi tog‘larga
Yashil qirmiz za'far bog‘larga
Yalpizlarga
Qaldirg‘ochlarga
Chumolilarga
Atirgullarga
«Xayr!» deyishni unutma
«Rahmat!» deyishni unutma
ShOIR
Bekor gap: shoirni jangchi atamoq,
U yolg‘iz odamning so‘nggi alami.
Shoir – bu ochunning kapalak misol
Eng chiroyli va eng ojiz odami.
Uning ijodi bilan mana bu havola orqali tanishish mumkin.