Jamiyat | 09:55 / 23.01.2016
6467
2 daqiqa o‘qiladi

Ogayodagi hayvonot bog‘ida dunyodagi eng chopqir gepard uxlatib qo‘yildi

AQShning Ogayo shtatidagi Tsintsinnati nomli hayvonot bog‘i rahbariyati dunyodagi eng chopqir erkak gepardni maxsus ukol orqali uxlatib qo‘yishga qaror qilishdi. Bu haqda 22 yanvar kuni mahalliy nashrlarda yozilgan.

Hayvonot bog‘i rahbariyati "bu o‘ta qayg‘uli qaror bo‘lganini, lekin jonivorning sog‘lig‘i keskin yomonlashgani tufayli shunday yo‘l tutilgani" haqida aytgan.

Sara laqabli bu gepard o‘tgan yilda 15 yoshga to‘lgan va keyingi vaqtlarda muttasil kasalliklarga qarshi kurashib kelayotgandi. Rahbariyat uni azoblardan xalos qilish uchun uxlatib qo‘yuvchi ukoldan foydalangan.

Qayd etish kerakki, bu turdagi jonivorlarning o‘rtacha umri 8-12 yilni tashkil etadi. 6 haftaligida topilgan Sara o‘z turdoshlari orasida eng chopqiri bo‘lish bilan birgalikda eng uzoq umr ko‘rgan gepard bo‘ldi.

National Geographic jurnali 2012 yilda unga eng tezkor gepard maqomini bergandi. O‘shanda Sara 100 m masofani 5,95 soniyada yugurib o‘tgan (soatiga 98,2 km tezlik). Taqqoslash uchun bu boradagi jahon rekordi insonlar orasida Useyn Boltga tegishli - 9,58 soniya.

Gepardlarni ko‘payishi keyingi 100 yilda qisqarib bordi va ularning soni 100 mingdan 12 minggacha tushdi.