Jamiyat | 18:20 / 24.01.2016
13731
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Farg‘onada sud qaroridagi qonunbuzarlik fosh bo‘ldi

Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani Oqmachit qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro Mamajonova Marhaboning ukasi Aziz Mamajonovga tegishli 6 sotix maydondagi nizoli yer uchastkasi masalasini ijobiy hal etib berishni so‘rab yozgan arizasi Bosh prokuratura tomonidan o‘rganib chiqildi, deb xabar beradi “Darakchi” nashri.

Bosh prokuratura bo‘lim boshlig‘i, adliya katta maslahatchisi B. Norov bergan ma'lumotga qaraganda, da'vogar A. Mamajonov sudga ariza bilan murojaat etib, Dang‘ara tumani hokimining 2014 yil 2 iyundagi 449-sonli qarorini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudining 2015 yil 3 iyuldagi hal qiluv qarori bilan da'vogarlarning talabi rad qilingan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2015 yil 18 avgustdagi ajrimi bilan mazkur hal qiluv qaror o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Sud qarorlarining noqonuniyligi aniqlanib, 2015 yil 5 noyabrda Farg‘ona viloyat prokuraturasi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi rayosatiga nazorat tartibida prokuratura protest keltirilgan.

Ma'lum qilinishicha, ushbu holat yuzasidan masala ijobiy hal etilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish