Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
2016 yilda O‘zbekistonda 65ta yangi yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari ochiladi
O‘zbekistonda 2016 yilda qo‘shimcha 65ta yangi yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari ochiladi. Bu haqda 29 yanvar kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining 2015 yildagi ish faoliyati yakunlariga bag‘ishlanib o‘tkazilgan matbuot anjumanida agentlik boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Shovahobov ma'lum qilgan.
U o‘z ma'ruzasida jurnalistlarga agentlikning 2015 yildagi faoliyati davomida amalga oshirilgan ishlar, qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlar, ijobiy ko‘rsatkichlar, bugungi kunda avtomobil va daryo transporti sohasida amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan yangi rejalar haqida ma'lumot berdi.
Jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, ma'ruzachi Toshkent-Samarqand yo‘nalishida yangi va zamonaviy avtobuslarni ko‘paytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, Farg‘ona vodiysi shaharlari va Toshkentni bog‘lovchi yo‘nalishlar ustida qilinayotgan harakatlar hamda ko‘zda tutilgan rejalar, shaharlararo yo‘nalishlarda qatnovchi yengil taksilarni tartibga keltirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda noqonuniy taksilar faoliyatiga chek qo‘yilishi imkoniyatlari to‘g‘risida gapirgan. U bunday ishlar 2016 yilda ham olib borilishini ta'kidlagan.
Uning ma'lum qilishicha, 2015 yil davomida respublika bo‘yicha jami 133ta ochiq tender o‘tkazilgan. Ularda 1116ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari joylashtirilgan. Shundan 205ta shahar ichidagi yo‘nalishlarini joylashtirish bo‘yicha 33ta tender, 799ta shahar atrofi va 47ta shaharlararo-viloyatlar ichidagi yo‘nalishlarni joylashtirish bo‘yicha 92ta tender, 65ta shaharlararo-viloyatlararo yo‘nalishlarni joylashtirish bo‘yicha 8ta tender o‘tkazilgan.
"2015 yil davomida tashuvchilar tomonidan Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan “ISUZU” rusumli avtobuslardan Qashqadaryo viloyatida 78ta, Toshkent viloyatida 64ta, Sirdaryoda 59ta, Samarqandda 47ta, Buxoroda 35ta, Xorazmda 27ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 21ta, Surxondaryoda 19ta, Farg‘onada 18ta, Toshkent shahri va Andijonda 13tadan, Jizzaxda 11ta va Navoiy viloyatida 8ta jami 413ta yangi avtobuslar lizing va bank kreditlari asosida sotib olinib, shahar va shahar atrofi yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan", deydi u.
2015 yil davomida tashuvchilar tomonidan tijorat asosida foydalanish maqsadida 587ta yuk avtomobili, 85ta mikroavtobus va 445ta (shundan 138 tasi “Damas” rusumli) yengil avtomobillari sotib olingan.
2015 yil davomida agentlik va uning hududiy bo‘limlari tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga 2785ta litsenziya va 182190ta litsenziya varaqalari berilib, 2016 yilning 1 yanvar holatiga litsenziyalangan avtomobillar soni 90024tani tashkil etdi.
Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, keyingi 15 yil ichida respublika bo‘ylab yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari soni 2 barobar oshgan - 4346ta. Shundan 997tasi shahar ichidagi, 2732tasi shaharlar atrofidagi hududlar bo‘ylab, 617tasi esa shaharlararo yo‘nalishlar.