Jahon | 19:50 / 30.01.2016
2678
2 daqiqa o‘qiladi

Eron Fransiyadan 40 dona mintaqaviy ATR samolyotini xarid qilmoqchi

Eron yaqin kunlarda Fransiya bilan ATR fransuz-italyan kompaniyasining mintaqaviy toifaga mansub 40 dona turbovintli yo‘lovchi samolyotini yetkazib berish bo‘yicha shartnomani imzolash arafasida. Bu haqda AFP agentligi Eron Islom Respublikasining transport vaziri o‘rinbosari Asgar Faxriyo Kashanga tayanib xabar qildi.

“Eron tomoni mazkur masala bo‘yicha Fransiya va Italiya bilan muzokaralar o‘tkazdi, - dedi u. – Yaqin kunlarda ATR kompaniyasi vakili Tehronga kelib, shartnomaning so‘nggi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Avvaliga 20ta samolyotga buyurtma qilinadi. Shundan keyin yana 20ta mashina bo‘yicha shartnoma imzolanadi”.

1995 yildan buyon davom etib kelgan embargo sababli g‘arb aviasozlari o‘z mahsulotlarini Tehronga sotish huquqidan mahrum bo‘lgan edi. Endilikda Eron 10 yil davomida 400-500 laynerni sotib olishni rejalashtirmoqda. Ayni paytda esa mamlakat aviaparkida 300dan ziyodroq samolyot bo‘lib, ularning 140tasigina foydalanishga yaroqli.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish