Sport | 07:09 / 30.01.2016
3893
2 daqiqa o‘qiladi

Gandbol bo‘yicha Norvegiya terma jamoasi Germaniyaga qarshi uchrashuv natijasi yuzasidan shikoyat arizasi topshirdi

Rossiya gandbol federatsiyasi prezidenti Sergey Shishkarev gandbol bo‘yicha Norvegiya erkaklar terma jamoasi Yevropa chempionatining Germaniyaga qarshi yarimfinal uchrashuvi natijasi yuzasidan tegishli idoralarga shikoyat arizasi topshirganini ma'lum qildi. Uchrashuv 33:34 hisobida Germaniya hisobiga yakunlangan.

Shikoyatga uchrashuvning oxirgi hujumida germaniyaliklar o‘yinchilar tarkibi qoidasini buzishgani sabab bo‘lgan.

Germaniya jamoasining bu uchrashuvdagi g‘alabasi Rossiya jamoasining 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishdan mahrum qilardi. Rossiyaliklarda Olimpiya o‘yinlariga borish imkoniyati norvegiyaliklar Yevropa chempionatini yutsagina qolayotgan edi.    

“Norvegiya jamoasi nemislarga qarshi uchrashuv natijasi yuzasidan shikoyat arizasi topshirdi. Hal qiluvchi to‘p kiritilgan oxirgi hujumda maydonga nemis jamoasining darvozabon kiyimidagi yana bir o‘yinchisi chiqib ketgan. Vaholanki asosiy darvozabon hali maydonni tark etmagan bo‘lgan. Bu qoidabuzarlik hisoblanadi. Rasman Norvegiya jamoasi haq”, deb aytdi Shishkarev. 

Agar shikoyat arizasi to‘g‘ri deb topilsa, uchrashuv boshqatdan o‘ynalishi kerak bo‘ladi.