07:51 / 02.02.2016
3673

Ingliz futbol hakami Martin Atkinson bir yil davomida Britaniya bosh vaziridan ko‘proq pul topdi

Ingliz futbol hakami Martin Atkinson 2015 yil davomida Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemerondan ko‘proq pul topdi. Bu haqda The Sun nashri xabar bermoqda.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Kemeronning 2015 yildagi maoshi 203 ming dollarni tashkil qildi. Shu yil ichida eng talabgir ingliz futbol hakamlaridan biri bo‘lgan Atkinson 215 ming dollar ishlab topdi.

Oliy toifadagi hakam Atkinsonning o‘tkazgan o‘yinlari uchun mukofot puli hisobga olinmagan holdagi asosiy yillik maoshi 128 ming 200 dollarni tashkil qiladi. Hakam Buyuk Britaniyada hakamlik qilgan har bir uchrashuviga 640 dollar, Yevropadagi har bir uchrashuv uchun esa 5,7 ming dollar haq oladi.

2015 yilda 44 yoshli hakam umumiy hisobda 48 ta o‘yinga hakamlik qilgan. Ulardan 37 tasi Angliya Premer-ligasi, Angliya Kubogi va Angliya ligasi kubogi o‘yinlariga to‘g‘ri kelgan. Hakam, shuningdek, Chempionlar Ligasining 6 ta o‘yini, Yevropa Ligasining 2 ta o‘yini va 2016 yilgi Yevropa chempionati saralash bosqichining 3 ta o‘yiniga hakamlik qilgan.

2016 yilda Atkinson 10 iyundan 10 iyulgacha Fransiyada bo‘lib o‘tadigan Yevropa chempionati o‘yinlariga ham hakamlik qiladi.

Top