17:48 / 06.02.2016
8023

CNN: Saudiya Arabistoni va ittifoqchilari Suriyaga 150 ming kishilik qo‘shin kiritishga tayyorlanmoqda

Saudiya Arabistoni va arab koalitsiyasi tarkibidagi ittifoqchi mamlakatlar Suriya hududida jangarilarga qarshi kurash uchun 150 ming nafar askardan iborat armiyani tayyorlamoqda. Bu haqda CNN telekanali xabar bergan.

Qirollikdagi ishonchli manbadan olingan xabarlarga ko‘ra, tayyorgarlik mashg‘ulotlari Saudiya Arabistoni hududida o‘tkazilmoqda. Mashg‘ulotlarda saudiyaliklar bilan bir qatorda misrlik, sudanlik hamda iordaniyalik harbiylari ishtirok etmoqda.

Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi rahbari maslahatchisi Ahmad Asiri 4 fevral kuni qirollikning Suriyaga o‘z qo‘shinini yuborishga tayyorligi haqida ma'lum qilgan edi. U bu qaror amalga oshishi uchun avvaliga AQSh boshchiligidagi koalitsiya tasdig‘idan o‘tishi lozimligini ta'kidlagandi.

Undan oldinroq, Buyuk Britaniyaning Guardian nashri o‘zining Saudiya Arabistoni hukumatidagi manbasiga asoslangan holda qirollikning bir necha minglik qo‘shini Turkiya bilan hamkorlikda Suriya hududidagi IShID jangarilariga qarshi harbiy harakatlarga kirishishi kutilayotgani haqida xabar qilgandi. Suriyaga qo‘shin yuborish istagi Bahrayn tomonidan ham bildirilgan.

Eslatib o‘tamiz, IShIDga qarshi kurash uchun yagona front mavjud emas. Ayni vaqtda turli nuqtalarda Suriya va Iroq hukumatlari harbiylari, AQSh boshchiligidagi koalitsiya, shuningdek, kurdlar, liviyaliklar, Iroq shialari ko‘ngilli askarlari ushbu jangarilarga qarshi alohida alohida holda kurash olib borishmoqda.

2015 yilning 30 sentabridan boshlab Rossiya ham Suriya prezidenti Bashar Asadning iltimosiga binoan Suriyadagi IShID va “Jabhat an-Nusra” terrorchilik uyushmalari obektlariga qarshi aviazarbalarni amalga oshira boshladi.

IShID ayni vaqtda butun jahon hamjamiyatiga tahdid solib turibdi. 3 yil ichida bu tashkilot jangarilari Iroq va Suriyaning katta qismini bosib olgan. Turli tahlil va tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, tashkilot nazorati ostidagi hudud jami 90 ming kv km.dan iborat. Tashkilot tarkibidagi jangarilar soni esa 50 ming nafardan 200 ming nafargacha ekani aytiladi.

Ayni vaqtda Suriyaning Lataqiya viloyatidagi Salma shahri (Turkiya chegaralari yaqinida) hamda mamlakat janubidagi Shayx Miskin va Osman shaharlari hukumat armiyasi tomonidan Rossiya samolyotlari yordamida qamal qilingan. 3 fevral kuni Halab viloyatidagi ikki shaharda, Nubel va Az-Zahro shaharlarida 4 yillik qamal yorib o‘tildi. Shuningdek, Damashq yaqinida ham boshqa muxolif kuchlarga qarshi janglar davom etmoqda.

Top