18:47 / 07.02.2016
2572

Tayvanda sodir bo‘lgan zilzila qurbonlari soni 26 nafarni tashkil qilmoqda

6 fevralga o‘tar kechasi Tayvan janubida sodir bo‘lgan kuchli zilzila qurbonlari soni 26 nafarga yetdi. Bu haqda Xitoyning "Sinxua" agentligi xabar qilmoqda.

Xabarda aytilishicha, Yunkan hududidagi "Veyguan" turar-joy binosi vayronalari ostida yana 120 nafarga yaqin odam qolib ketganligi taxmin qilinmoqda.

Orol janubidagi Taynan maxsus munitsipalitetida ko‘p qavatli bino qoldiqlarini tozalash bo‘yicha qidiruv-qutqaruv ishlariga 600 nafardan ziyod xodim, 149ta texnika jalb etilgan.

Bundan oldinroq, 17 qavatli binoning vayronalari ostida qurbon bo‘lganlar soni 18 kishini tashkil etayotgani, yana 130 nafardan ortiq kishi xarobalar ostida qolayotgani haqida xabar qilingandi.

Xabarlarda aytilishicha, bu binoda 96ta xonadon bo‘lib, ularda jami 256 kishi yashagan. Zilzila oqibatida bino ikkiga bo‘linib, uning yuqori qismi yerga qulagan. Rasmiylarning taxmin qilishicha, uy sifatsiz materiallardan, qurilish qoidalariga rioya qilinmagan holda qurilgan. Hodisa bo‘yicha tegishli surishtiruv ishlari olib borilishi aytilgan.

Bundan oldinroq, Rossiya ham Tayvan hukumatiga bu zilzila oqibatlarini bartaraf etishda yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma'lum qilgandi.

Top