Sport | 16:21 / 11.02.2016
7016
2 daqiqa o‘qiladi

Vardi o‘zining ko‘rsatkichlari xato ko‘rsatilgan FIFA 16 taxtachasini boshi bilan urib sindirib tashladi

"Lester" hujumchisi Jyeymi Vardi FIFA 16 simulyatori taxtachasini o‘zining umumiy ko‘rsatkichi xato ko‘rsatilgani tufayli boshi bilan urib sindirib tashladi.

Ma'lum qilinishicha, joriy mavsum boshlanishidan oldin FIFA 16 o‘yinini yaratish ustida ish boshlagan dasturchilar Vardining reytingini 71 qilib belgilashgandi.

Mavsum davomida esa Vardi yorqin o‘yin ko‘rsatdi uning reytingi qishki yangilanishdan keyin uning ko‘rsatkichi 75ga ko‘tarildi. Lekin u o‘zining reytingi bu o‘yinda hamon juda past qolmoqda deb hisobladi va bunga keskin norozilik bildirdi. Taqqoslash uchun bu o‘yinda "Nyukasl" yarim himoyachisi Jyek Kolbeyk (76) va "Stok Siti" himoyachisi Filipp Vollshaydning (77) umumiy ko‘rsatkichlari liga to‘purari ko‘rsatkichlarinikidan yuqori bo‘lib turibdi.

"EA Sports dasturchilari o‘zi Angliya chempionatini kuzatishadimi? Vardi bu harakati bilan ularga saboq berib qo‘ydi", deyiladi shu haqdagi xabarda.

Ma'lumot uchun, "Lester"ning mavsumda yaqqol peshqadamga aylanishiga o‘z hissasini qo‘shgan Vardi APLning joriy mavsumida 25 o‘yin o‘tkazib, 18ta gol urdi va 5ta golli uzatma muallifi bo‘ldi. U shuningdek, Angliya terma jamoasiga chaqirila boshladi.