21:47 / 18.02.2016
2143

BMT suriyaliklarga havodan yetkaziluvchi insonparvarlik yordamlarini tayyorlamoqda

Birlashgan millatlar tashkiloti Suriya hududiga havodan insonparvarlik yordamlari yuklari yetkazib beradi. Bu haqda 18 fevral kuni Reyter agentligi xabar tarqatgan.

Birinchi yordam Suriya shimoli-sharqidagi Dayr-az-Zor shahriga yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan. Bu hududdagi nazorat ayni vaqtda IShIDdan qutilib, Suriya Arab respublikasi harbiylari qo‘liga o‘tgan. Hududda uzoq vaqt asoratda bo‘lgan aholiga parashyutlar orqali zarur yordamlar tashlanadi.

"Bu qiyin vazifa. Suriyada ilk marta bu ishni amalga oshirishimiz kerak", deya ma'lum qilgan BMTning bu boradagi mas'ul vakili Yan Egelann. U amaliyot yaqin vaqt ichida amalga oshirilishini aytgan.

Uning ma'lum qilishicha, o‘tgan kunlar davomida mamlakatning Suriya hukumati qo‘shinlari qamalida bo‘lgan beshta shahriga 114ta yuk mashinasiga ortilgan eng zaruriy buyumlar yetkazildi. O‘z ichiga oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar, vaksinalar va gigiyena buyumlarini olgan bu insonparvarlik yordami 80 ming kishi uchun mo‘ljallangan.

Shuningdek, hozirda Suriyaning 4 millionlik aholisi og‘ir sharoitlarda qolayotgani, ularga yordam yetkazishning deyarli iloji bo‘lmayotgani ta'kidlangan.

11-12 fevral kunlari Myunxenda Suriya muammosiga bag‘ishlangan muzokaralarda tomonlar suriyaliklarga insonparvarlik yordamlari yetkazib berishga kelishib olishgandi.

Myunxendagi muzokaralarda tomonlar Suriyaga insonparvarlik yordamlari yetkazib berishga kelishib olishdi

BMT Suriyaning beshta shahriga insonparvarlik yordamini yetkazdi

Top