18:00 / 22.02.2016
3302

Yamanda prezident Hodiyning yaqin qarindoshi bo‘lgan generallardan biri o‘ldirildi

Yaman prezidenti Abd Rabbu Mansur Hodiyga yaqin bo‘lgan generallardan biri Abd Rabbu Husayn al-Isroiliy Adan shahrida amalga oshirilgan noma'lum shaxslar hujumi tufayli halok bo‘ldi. Bu haqda Yaman xavfsizlik xizmatidagi manbasiga asoslangan holda Sputnik agentligi xabar tarqatgan.

"U Hor Maksar munitsipalitetidagi uyiga avtomobilda qaytayotgandi. Yo‘lda jangarilar pulemyot o‘rnatilgan pikapdan turib, uning avtomobilini o‘qqa tutgan", deyiladi xabarda.

Mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, generalning yonidagi haydovchi ham halok bo‘lgan.

Yaman hukumati ayni vaqtda vaqtinchalik poytaxt hisoblanmish Adanda joylashgan. Bu shaharda doimiy ravishda harbiy va davlat amaldorlari hayotiga suiqasdlar uyushtirilib turiladi.

2015 yilning dekabrida terrorchi hudkush o‘zini portlatishi natijasida Adan gubernatori Jafar Saad halok bo‘lgandi. Uning o‘limi uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan. Bunday xurujlar "Al-Qoida" jangarilari tomonidan ham sodir etiladi.

Yamanda shialarning "Ansor Alloh" tashkilotiga qanoti bo‘lgan husiychilar hamda mamlakatning sobiq prezidenti Ali Abdulla Saloh tarafdorlari hozirgi prezident Hodiyning tarafdorlariga qarshi kurashni davom ettirmoqda. 2014 yildan buyon saqlanib qolayotgan fuqarolik urushida qonuniy prezident Hodiyni qo‘llab-quvvatlash uchun Saudiya Arabistoni boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlari Yamanda harbiy amaliyotlar o‘tkazib turishadi.

Top