Janni Infantino FIFAning yangi prezidenti etib saylandi
Tsyurixda 26 fevralda bo‘lib o‘tgan muddatidan oldingi FIFA prezidentiga ovoz berishning 2-bosqichi natijalariga ko‘ra, FIFAning yangi prezidenti etib UYeFA bosh kotibi Janni Infantino saylandi.
Infantino 115 ovoz to‘pladi. Shayx Salmon ibn Ibrohim al-Xalifa 88 ta ovoz, Iordaniya shahzodasi Ali Al-Hussayn — 4 ta ovoz oldi, Jyerom Shampan esa birorta ovoz olmadi.
Eslatib o‘tamiz, ovoz berishning 1-bosqichi natijasiga ko‘ra Infantino 88 ta ovoz, shayx Salmon — 85 ta, shahzoda Ali — 27 ta, Jyerom Shampan 7 ta ovoz olgandi. Hech bir nomzod talab qilinuvchi uchdan ikki ovozni yig‘a olmagani sababli 2-bosqich o‘tkazilishiga qaror qilindi. 2-bosqichda 207 ta ovozdan yarmini, ya'ni kamida 104 ta ovoz yig‘ish kerak bo‘lgan.
Shu tariqa Infantino FIFAning yangi prezidenti etib saylandi. FIFAning yangi prezidenti mandati 2019 yilgacha amal qiladi.
O‘zbekiston nomidan ushbu tadbirda O‘FF vitse-prezidenti Sardor Rahmatullayev va matbuot xizmati boshlig‘i Sanjar Rizayev qatnashdi.