Jahon | 22:24 / 26.02.2016
3552
2 daqiqa o‘qiladi

Nursulton Nazarboyev Misr prezidenti bilan uchrashdi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonga rasmiy tashrif bilan kelgan Misr prezidenti Abdul Fattoh As-Sisiy bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Oqo‘rda matbuot xizmati.

Uchrashuv davomida ikki davlatning savdo-iqtisodiy, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, infratuzilmaviy qurilish va transport-logistika sohalaridagi hamkorligi muhokama qilindi.

Nursulton Nazarboyev Misr prezidentining Qozog‘istonga birinchi tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishiga yangi impuls berishini aytdi.

Qozog‘iston prezidenti, shuningdek, ikki davlat bir-biridan geografik jihatdan uzoq joylashganiga qaramasdan, transport-tranzit aloqalarini rivojlantirish uchun katta salohiyatga egaligiga e'tibor qaratdi. Nazarboyev As-Sisiy Misrga murakkab vaziyatda bosh bo‘lganini ta'kidlab o‘tdi.

O‘z navbatida As-Sisiy Misr xalqi va rahbariyati Ostona va Qohira o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yuqori baholashini aytdi.

"Qozog‘istonning davlatimiz uchun murakkab bo‘lgan davrda ko‘rsatgan ko‘magini yuqori baholaymiz. Mening tashrifimdan maqsad davlatlarimiz o‘rtasida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha yaqin aloqalarni yanada mustahkamlashdan iborat", deb aytdi As-Sisiy.