Bishkekda oxirgi 50 yil ichidagi iliq havo harorati rekordi o‘rnatildi
Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda fevral oyi uchun noodatiy iliq havo harorati o‘rnatildi. Bu yerda 24-25 fevral kunlari kunduzi havo harorati +22+24 gradusni tashkil qildi. Ob-havo mutaxassislarining ta'kidlashicha, bu oxirgi 50 yildagi rekord ko‘rsatkich bo‘ldi.
Avvalgi rekord natija 1963 yilda qayd qilingandi, o‘shanda havo harorati yilning shu kunlari +20+25 gradusgacha isigan, +30+35 graduslik mutlaq rekord ko‘rsatkich esa 1951 yilda o‘rnatilgan.
Havo harorati yuqorilagani sababli Qirg‘iziston favqulodda xizmatlari tog‘li hududlar va mamlakatning shimoli va janubini bog‘lovchi hamda qor ko‘chishi xavfi bo‘lgan hududlar orqali o‘tuvchi avtomobil yo‘llarida qor ko‘chishi mumkinligidan xavotirlanishmoqda va ehtiyotkorlik choralariga amal qilishga chaqirishmoqda.