Jamiyat | 19:22 / 27.02.2016
7757
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya milliy qahramoni Janna d'Ark uzugi 420 ming dollarga sotildi

Fransiya milliy qahramon ayoli Janna d'Arkning kumush uzugi Londondagi TimeLine Auctions auksionida rekord darajadagi 297,6 ming funt sterlingga (420 ming dollar) sotildi. Bu haqda auksion savdolarini tashkillashtirgan kompaniya boshqaruvchi direktori Kris Ren ma'lum qildi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.

Ma'lum qilinishicha, 15 asrga mansub noyob asori-atiqaga egalik qilish uchun o‘nlab kolleksionerlar nafaqat zalda, balki telefon va internet orqali kurashdilar.

Savdolarning oxirgi bosqichida ikki kolleksioner o‘rtasidagi kurashda dastlabki narxi 21 ming dollarga baholangan uzuk bir necha barobar qimmatroqqa sotildi. Savdolar tashkilotchisining aytishicha, uzukning nodirligidan uning yakuniy narxi ham darak beradi. "Kumush uzuklar kam hollarda bir necha ming funt sterlingdan qimmatroqqa sotiladi va shuning uchun bu holat haqiqatda noyob hodisa bo‘ldi", deb aytdi Ren.

Auktsionerlarning ma'lumotlariga ko‘ra, uzukda Jhesus Maria yozuvi va uchta o‘yib ishlangan xoch tasviri bor. Uzukni sotib olgan shaxs noma'lum bo‘lib qolishni istagan.

Janna d'Ark Angliya va Fransiya o‘rtasidagi Yuz yillik urushda fransuz qo‘shinlariga qo‘mondonlik qilgan sarkardalardan biri bo‘lib, burgundlarga asirga tushib qolgan va inglizlarga topshirilgan. Sarkarda ayol shokkoklikda ayblanib, 1431 yilda gulxanda yoqib yuborilgan. Keyinroq uning nomi oqlangan va avliyolar qatoriga kiritilgan.