Jamiyat | 09:50 / 29.02.2016
3482
2 daqiqa o‘qiladi

"Xorij tilidagi eng yaxshi film" nominatsiyasida "Saulning o‘g‘li" filmi "Oskar"ni qo‘lga kiritdi

Vengriyalik rejissyor Laslo Nemesh tomonidan ishlangan "Saulning o‘g‘li" nomli film AQSh kinoakademiyasi tomonidan "Xorij tilidagi eng yaxshi film" yo‘nalishidagi "Oskar"ga munosib ko‘rildi.

Film voqealari 1944 yilda Osventsim konslagerida bo‘lib o‘tadi. Kartina yahudiylar orasiga natsistlarga yordam berish uchun kiritilgan Saul Aslander haqida hikoya qiladi. Bu rol ijrochisi Geza Ryorig.

Saul bir bolakayning o‘ldirilishiga guvoh bo‘ladi. Bu esa uning o‘g‘li edi. Shundan keyin u bolakayni yahudiylar odati bo‘yicha dafn etishga harakat qiladi.

Film davomida natsistlar barchani o‘ldirishni reja qilgani ma'lum bo‘ladi, keyin qochish rejasi tuziladi.

Bu nominatsiya bo‘yicha mukofot uchun "Mustang" (Fransiya), "Ilon og‘ushida" (Kolumbiya), "Urush" (Daniya) va "G‘urur" (Iordaniya) filmlari nomzod edilar.

Rossiyadan "Oskar"ga Nikita Mixalkovning "Oftob urishi" nomzodini qo‘ygan edi. Ammo film short-listga tushmadi. Bundan keyin Mixalkov "Oskar" ning "Yevroosiyo muqobili"ni yaratishni taklif qildi.