Iqtisodiyot | 09:04 / 02.03.2016
16933
2 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg: Putin mamlakat mustaqilligi uchun rublni qurbon qilishga tayyor

Rossiya prezidenti Vladimir Putin oltin-valyuta zaxiralarining mavjudligi mamlakat moliyaviy mustaqilligining kafolati ekanligiga ishonadi, shuning uchun zaxiralarni saqlab qolish uchun Putin rublni qurbon qilishga tayyor. Bu haqda Putinga yaqin manbalarga iqtibos keltirgan holda Bloomberg agentligi xabar berdi.

Putinga muntazam ravishda Rossiya oltin-valyuta zaxiralari haqida hisobot berib turiladi. Biroq Putin, shuningdek, valyuta kurslarining muhimligini ham ta'kidlaydi, biroq mamlakatning moliyaviy xavfsizligi uchun rubl kursini qurbon qilishga tayyor.

"Vladimir Putin 2008-2009 yillarda zaxiralar kuchini angladi, o‘shanda aynan shu zaxiralar evaziga inqirozni sezilarsiz ziyonlarsiz o‘tishga muvaffaq bo‘lingan", deb ma'lum qildi agentlikka Rossiyaning sobiq moliya vaziri Aleksey Kudrin. Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, Kudrin hali ham Putin bilan iqtisodiy siyosatni muhokama qilish uchun muntazam uchrashib turadi.

Bundan tashqari, Putin Milliy farovonlik jamg‘armasining xarajatlari haqida shaxsan o‘zi qaror qabul qiladi. Bu jamg‘arma pullari infratuzilmaviy va uzoq muddatli loyihalarga sarflanadi. Agentlik Rossiya oltin-valyuta zaxiralari bilan byudjyetning joriy defitsiti qoplanadigan Zaxira jamg‘armasini adashtirmaslikni eslatib o‘tdi.

Avvalroq Rossiyaning xalqaro zaxiralari 19 fevral holatiga ko‘ra, 379,4 mlrd dollarni tashkil qilgani ma'lum qilingandi.