20:41 / 03.03.2016
9469

Misr Aleksandriya va Sinaydagi yodgorliklarni YuNeSKO ro‘yxatiga kiritmoqchi

Misrda ikkita tarixiy obidani YuNeSKOning Butunjahon merosi obektlari ro‘yxatiga kiritish uchun harakatlar boshlandi. Misr Qadimiy yodgorliklar vaziri Mamduh ad-Damatiyning aytishicha, gap Aleksandriya va Sinay yarimorolidagi tarixiy yodgorliklar haqida ketmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Aleksandriyaning tarixiy arxeologik obektlari bo‘yicha dose tuzilmoqda. Bu obektlar Ptolemeylar sulolasi davriga mansub hisoblanadi. Shuningdek, Sinaydagi qadimiy harbiy qal'ani YuNeSKO himoyasiga o‘tkazish uchun ish olib borilmoqda.

Aleksandriya shahriga miloddan avvalgi 332 yilda Aleksandr Makedonskiy tomonidan asos solingan. Shahar o‘zining ulkan kutubxonasi va qirg‘oq yaqinidagi 110 metr balandlikka ega bo‘lgan dengiz mayog‘i bilan ajralib turgan. Shuningdek, shaharda miloddan avvalgi asrlarda qurilgan eng yirik 2 kolonnaning biri, Pompey kolonnasi bo‘lgan. Bugungi kungacha, shahar joylashgan hududda antik davr universiteti, qadimgi rimliklarga xos hammomlar hamda amfiteatrlar qoldiqlari saqlanib qolgan.

Misrliklar Sinay yarimorolining shimolida joylashgan Firavnlar orolidagi Taba shahrida qurilgan Saloh ad-Dina nomli qadimiy harbiy qal'ani ham ro‘yxatga kiritishni maqsad qilishgan.

Bu qal'a arab me'morchiligi namunasi bo‘lib, 12 asrda hudud boshlig‘i uchun istehkom vazifasini o‘tagan. Bir necha yil oldin bu obida qayta ta'mirlanib, muzeyga aylantirilgandi. Bu qal'a Qizil dengiz hududida, Isroil bilan chegara yaqinida joylashgan.

YuNeSKO Butunjahon merosi obektlari ro‘yxatiga jami 1031ta obekt kiradi. Shundan 802tasi madaniy obidalar, 197tasi tabiat mo‘'jizalari qolganlari esa musiqa asboblari, urf-odatlar va an'analar amaliy san'at hamda boshqalar.

Shu vaqtgacha Misrdagi Abu-Mena yodgorligi (Ilk xristian davriga mansub), Fiva, Qarnoq va Luksor ibodatxonalari, Memfisdagi piramidalar (Qadimgi Misr), Islom davridagi Qohira obidalari, Nubiyadagi me'morchilik inshootlari, Muqaddas Yekaterina ibodatxonasi va boshqa tarixiy yodgorliklar kiritilgan.

Top