11:50 / 03.03.2016
5406

O‘zbekiston mamlakatdagi eng yirik texnoparkka 90 milliard so‘m qiymatida investitsiya kiritadi

Toshkent shahri ma'muriyati keyingi o‘n yil ichida mamlakatdagi eng yirik “Yakkasaroy” texnoparkini rivojlantirish uchun 90 milliard so‘mdan ziyodroq mablag‘ kiritadi. Bu haqda texnopark boshqaruvi kengashi rahbari Rustam Nuraliyev Sputnik Uzbekistan muxbiriga ma'lum qilgan.

Texnoparkni barpo etish ishlari 2014 yilning yanvar oyida boshlangan. U Toshkent markazida joylashgan va anchadan beri foydalanilmayotgan Toshkent tekstil kombinati hududida qad rostlagan.

“Sanoat parki qurilishi mo‘ljallangan hudud dastlab juda ayanchli holatda edi. Barcha kommunikatsiya tizimlari eskirgan bo‘lib, ular foydalanishga yaroqsiz holatga tushib qolgan edi. Shuning uchun ushbu tizimni to‘la yangilash foydadan holi bo‘lmasdi. Biz dastlabki olti oy davomida zarur bo‘lgan infratuzilmani qayta tiklashga va u yerdagi binolarni tadbirkorlarga arzon narxlar evaziga ijaraga berishga muvaffaq bo‘ldik”, — dedi u.

Natijada o‘tgan ikki yil ichida maydoni 57 gektar hududni egallovchi texnoparkda 250 dan ziyod tadbirkorlik sub'yekti faoliyat yuritmoqda. 2015 yil yakunlariga ko‘ra, 200 milliardlik mahsulot chiqarilgan va 6,5 mingdan ortiq ishchi o‘rin yaratilgan.

Top