16:01 / 03.03.2016
3189

"Sport for tomorrow". O‘zbekiston ikkinchi o‘yinda Eronni mag‘lub etdi

Toshkentda o‘tkazilayotgan 16 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan tashkil topgan terma jamoalar o‘rtasidagi “Ertangi kun sporti” nomli xalqaro futbol festivalining ikkinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.

Dastlabki turda Temur Olimxo‘jayev boshchiligidagi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Turkmaniston vakillarini yirik — 5:1 hisobida mag‘lub etgan edi. Ikkinchi uchrashuvda Yaponiya hamda Eron jamoalari 0:0 hisobida durang natija qayd etdi.

2 mart kuni esa ikkinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Dastlab, Yaponiya U-16 terma jamoasi turkmanistonlik tengdoshlarini 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

“Jar” stadionida bo‘lib o‘tgan kunning ikkinchi o‘yinida esa O‘zbekiston U-16 terma jamoasi Eron o‘smirlariga qarshi maydonga tushib, 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Olimxo‘jayev shogirdlari o‘yinda birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yubordi. Uchrashuvning 14-daqiqasida Namdari jarima maydoni ichidan kuchli zarba yo‘llab, hisobni ochdi. Birinchi bo‘lim Eron foydasiga hal bo‘ldi.

O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi ikkinchi bo‘lim avvalidayoq hisobni tenglashtirdi. Rasul Yo‘doshevning ajoyib to‘p uzatishi natijasida Abdunozir Abdurahmonov darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi va qiyinchiliksiz darvozani aniq nishonga oldi — 1:1.

O‘yinning 67-daqiqasida yana Rasul Yo‘ldoshev hujum boshlab, Abdurahmonovni qulay vaziyatga olib chiqdi. Abdunozir yo‘llagan zarba bartaraf etildi, ammo to‘p Shuxrat Ne'matovga kelib tushdi. Ne'matov esa uni darvozaga aniq yo‘llab, jamoasiga g‘alaba keltirgan golga mualliflik qildi — 2:1.

Ushbu xalqaro o‘rtoqlik turnirining so‘nggi o‘yinlari 4 mart kuni bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Yaponiyaga qarshi o‘yin o‘tkazadi.

4 mart
11:00 Eron U16 – Turkmaniston U16
15:00 O‘zbekiston U16 – Yaponiya U16

Ta'kidlash kerakki, ushbu turnir O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi uchun shu yilning sentabr oyida bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlikning bir bosqichi vazifasini o‘tab bermoqda.

Top