«Kvant» elektrokari to‘xtamasdan 14 soat yurdi
Lixtenshteynda joylashgan nanoFlowcell kompaniyasi «kvant» elektrokari Quantino’ni sinovdan o‘tkazganini ma'lum qildi. Mashina to‘xtamasdan 14 soat davomida sinaldi. Yangi mashinaning seriyaoldi versiyasi Jyeneva avtosalonida namoyish qilindi.
Tsyurixdagi poligonda bo‘lib o‘tgan sinovlarda nanoFlowcell’ning bosh muhandisi Nuntsio La Vekkya ishtirok etdi. U mashinani poligon bo‘ylab 14 soat davomida 74 km/soat bilan harakatlantirdi.
Sinovdan keyin prototipning 175 litrli benzin baklari yana 78 foizga to‘liq bo‘lgan. "Mashina yana harakatlanishi mumkin edi, biroq mashinadan farqli o‘laroq, mening imkoniyatlarim cheklangan", deb aytdi La Vekkya.
NanoFlowcell Quantino kupesi har biri 109 ot kuchiga ega bo‘lgan 4 ta elektromotor bilan jihozlangan. Dvigatellar ion suyuqlik bilan to‘ldirilgan idishga ega ikkita akkumulyatordan energiya oluvchi superkondensatorlardan quvvatlanadi.
Kompaniya mashinani kam nusxada seriyali tarzda ishlab chiqarmoqchi. Biroq kompaniya avval sinov o‘tkazib, elektrokarni ishlab chiqarish iqtisodiy tomondan oqilona ekanligini aniqlamoqchi.
Jyeneva avtosalonida, shuningdek, kompaniyaning Quant F Evolution kontseptual superkari namoyish qilindi. Umumiy quvvati 1090 ot kuchini tashkil qiluvchi 4 ta dvigatel bilan jihozlangan prototip 100 km/soat tezlikka 2,8 soniyada erishishga qodir, maksimal tezligi esa soatiga 280 km ni tashkil qiladi.