Fan-texnika | 23:35 / 09.03.2016
3593
2 daqiqa o‘qiladi

Internetda iPhone 7 uchun mo‘ljallangan g‘ilof surati paydo bo‘ldi

Tvitterning OnLeaks nikiga ega foydalanuvchisi Apple iPhone 7 smartfoni uchun mo‘ljallangan g‘ilofning suratlarini chop etdi, deb xabar bermoqda TechInsider nashri.

Suratda smartfonning o‘zi yo‘q, biroq g‘ilof suratidan hali chiqmagan iPhone 7’ning ba'zi jihatlarini bilib olish mumkin. Misol uchun, suratda g‘ilofning pastki yon tomonida, quvvatlash porti yonida ikkita simmetrik qirqim borligini ko‘rish mumkin, bu esa yangi smartfon uchun stereodinamiklar borligidan darak beradi. Shu bilan birga g‘ilofda quloqchinlar uchun raz'yom yo‘q.

G‘ilofdagi kamera uchun ochiq joy ham noodatiy katta o‘lchamga ega. Ehtimol, bu ikkita yonma-yon joylashgan kameraning mavjudligi bilan bog‘liqdir. Shuningdek, avvalroq internetda iPhone 7’ning qalinligi 6,1 mm ni tashkil qilishi, kamera esa korpusdan bo‘rtib turmasligi haqida gaplar paydo bo‘lgandi.

Yangi smartfon ilk namoyishi 2016 yil kuzida o‘tishi kutilmoqda.