Isuzu avtobuslari tabiiy gazda ishlaydi
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 26 fevraldagi “2016-2020 yillarda xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Samarqanddagi “Samauto” MChJda ishlab chiqarilgan 200 ta “Isuzu” avtobusi tabiiy gazga o‘tkaziladi. Bu haqda review.uz nashri xabar bermoqda.
Prognozga ko‘ra, 2017 yilda 250 ta, 2018 yilda 300 ta, 2019 yilda 350 ta avtomobil gaz yonilg‘isiga o‘tkaziladi. 2020 yilgacha avtomobil zavodining konveyeridan yiliga tabiiy gazda ishlovchi 1100 ta yo‘lovchi avtobusi chiqadi.
Kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, Samarqandda Yaponiyaning “Isuzu Motors” kompaniyasi shassisi negizida 37 nafar odamga mo‘ljallangan shahar avtobuslari 2007 yildan ishlab chiqarila boshlangan.
Samarqand avtomobil zavodi siqilgan tabiiy gazda ishlovchi dvigatelli birinchi avtobusni 2015 yil iyulda taqdim qilgan.
“Samauto” MChJ 2006 yil noyabrda sobiq “SamKochAvto” O‘zbekiston Turkiya qo‘shma korxonasi negizida yaratilgan. Kompaniyaning 58 foiz aksiyasi “O‘zavtosanoat” AKga, 26 foizi “Asaka” bankiga hamda 8 foizdan aksiyasi Yaponiyaning “Itochu” va “Isuzu” kompaniyalariga tegishli.
Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 9 yil ichida zavodda 10,2 mingdan ko‘proq avtobus yig‘ilgan.