Jamiyat | 11:44 / 14.03.2016
2820
4 daqiqa o‘qiladi

Tilanchi Qur'ondan pul topish uchun foydalanayotgani tanqid ostiga olindi

Sayt o‘quvchilaridan biri tahririyatga maktub yozib, ko‘cha-ko‘ydagi tilanchining Qur'on oyatlarini o‘rinsiz tilovat qilib, pul topishda foydalanayotganidan shikoyat qildi.

Quyida bu maktub o‘zgartirishlarsiz nashr etilgan.

Bir necha kundan beri o‘zimga kela olmayapman. “To‘g‘ri qildimmi yoki noto‘g‘ri?”degan savolni o‘zimga o‘zim berib, javob topishga urinayapman.

Voqea bunday bo‘ldi. Avtobusda ishga kelayotgan edim. 25-30 yoshlarda bo‘lgan barzangi, to‘rt muchasi sog‘ bir yigit (bu yigit ko‘pchilikka otni qashqasidek yaxshi tanish) oldi eshikdan chiqib, Qur'ondan tilovat qildi-da, onasi vafot etganini, otasi tashlab ketganini, singlisi og‘ir ahvolda kasalxonada ekanini aytib, imkon qadar yordam ko‘rsatishlarini so‘radi. Kimdir (asosan tilanchi yigit tengi o‘smirlar,talabalar) 500 so‘m, kimdir 1000 so‘m berdi. Bir bekat yurar-yurmas, tilanchi 15-20 ming so‘m to‘plashga ulgurdi. Orqa eshikdan tushayotgan edi, uni to‘xtatib, “sadaqa so‘rash bilan yigit degan nomni sharmanda qilayotgani, bir necha yildan beri shu ishni qilib kelayotganini bilishimni, endi katta bo‘lgach biror bir yumushni boshidan tutib, tilanchilikni tashlasa yaxshi bo‘lishini” masalahat berdim. Qur'on tilanchilik uchun emas, insoniyatni ezgu ishlarga boshlash uchun tushirilganini, bundan keyin tilanchilik qilayotganda Qur'on oyatlarini o‘qimasligini, boshqa din vakillari buni noto‘g‘ri tushunishlarini aytdim. Ammo o‘gitlarim zoye ketdi. Ko‘zimga baqrayib, boshqalarning ishiga aralashmasligimni, og‘ir kasalligi bois shu ishni qilayotganini aytib, avtobusdan tushib qoldi.

Yo‘lovchilardan ayrimlari tilanchi yigitning yonini olishib, “asabimni asrashimni” maslahat berishdi. Bu kabi dashnomlardan tilanchi yigit emas, men xijolat bo‘ldim. Ishxonaga kelib, avtobusdagi voqeani hamkasblarimga aytib berib, o‘zimni biroz yupatgandek bo‘ldim. Ko‘pchilik men tomonda bo‘lib, ko‘nglimni ko‘tardi. Hatto bir hamkasbim ijtimoiy tarmoqlardla namoyish etilayotgan bir lavhani ko‘rsatdi. Unda ikki qo‘li yo‘q (yaponmi yoki koreys bilmadim) ayolning oyoqlari bilan uy yumushlarini (supirib sidirishdan tashqari, ekin-tikin ishlarini bajarishi, ovqat tayyorlab eri va farzandlarini kutib olayotgani) bajarayotgani aks etgan edi.

Lekin baribir o‘zimga kelmadim. Ko‘nglimdagi qorong‘ulik ketmadi. 12 mart kuni taxminan soat 21.00da “Toshkent” telekanalida imkoniyati cheklangan bir guruh vatandoshlarimiz haqida ko‘rsatuvga tasodifan ko‘zim tushib qoldi. Ular musiqa, sport, rassomchilik sohasida qo‘lga kiritayotgan yutuqlarni, mamlakatimiz nomini dunyoga tanitayotganini ko‘rib, soppa-sog‘ bo‘lishiga qaramay tilanchilik qilib yurgan yigitlardan ko‘nglim qoldi.

Lekin baribir diniy ulomolarimiz juma namozlarida tilanchilarning muqaddas Qur'on oyatlarini o‘qib gadochilik qilayotganlariga (bundaylar, ayniqsa yosh bolalar orasida, oz bo‘lsa-da uchrab turibdi) munosabat bildirishlari, bu kabi tilanchilarga pul berish o‘rinlimi, degan savollarga javob berishlari kerak, deb o‘ylayman. Chunki xalqimiz soddadil, Qur'on oyatlarini muqaddas deb biladi. Qur'on tilovat qilganlarga pul berishda aslo og‘rinmaydi. Ammo boshqa din, boshqa millat vakillari-chi? Qur'on haqida boshqa fikrga bormaydilarmi?

Fikrlarim xato bo‘lsa, shariat peshvolaridan, ullomolarimizdan uzr so‘rayman.

Sharofiddin  To‘laganov.