14:47 / 17.03.2016
1610

Anjyelina Joli livanliklarga tahsin aytdi

BMTning ko‘ngilli elchisi Anjyelina Joli Livandagi 1,5 milliondan ortiq deb hisoblangan suriyalik qochqinlarga g‘amxo‘rlik qilishda davom etmoqda. Uni hatto jala-yomg‘irlar va izg‘irin shamollar ham Bekaa vodiysi Dabbaga tumanidagi 300 ming suriyalik qochqinlar qo‘nim topgan lagerga borishdan to‘xtata olmadi.

Aktrisa manzilga yetib kelganda palatalarning yarmigacha suv bosgan, qochqinlarning buyumlari suvda suzib yurardi. Joli va uning delegatsiyasi a'zolari loy kechishlariga to‘g‘ri kelsa ham, aktrisa har doimgidek, yuzida tabassumni va odamlarga bo‘lgan iliq munosabatini saqlab qoldi, deb xabar beradi TASS.

Birlashgan millatlar tashkilotining qochqinlar masalalari bo‘yicha oliy komissari idorasining ma'lumotiga ko‘ra, Livandagi qochqinlarning 79 foizi ayollar va bolalar.

Dabbagada Joli 38 yoshli shol bo‘lib qolgan Xulud bilan suhbatlashib qoldi. Suriyalik ayol to‘rt nafar farzandi bilan Xomsaning xavfsiz tumanlariga yetib olishga urinayotgan paytida snayperning o‘qi uning umurtqa pog‘onasiga tegadi. Aktrisa falaj bo‘lib qolgan bevani diqqat qa toqat bilan eshitdi va jarrohlik amaliyotida ko‘mak berishga va'da berdi.

Jolining so‘zlariga ko‘ra, aksariyat qochqinlar vatanlariga qaytish haqida orzu qiladilar. Lekin vayron bo‘lgan shaharlarda svet, suv va isitish tarmog‘isiz qanday yashash mumkinligi o‘ylab tushkunlikka tushib qolganlar ham ko‘p.

“Men urush tugagach, bolalarim bilan Suriyaga qaytishimni tasavvur qila olmayman. Men xonavayron bo‘lganman, endi ish qidirish lozim, lekin ishni qayerdan izlayman?”, - deydi 44 yoshli Muhammad.

Livan lagerlarida hayot oson emas, lekin bu yerda oz bo‘lsa ham oziq-ovqat yetkaziladi, tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Ba'zi tumanlarda bolalarning ta'lim olish imkoni bor. Qochqin bolalar hukumat qarori bilan davlat maktablarida ikkinchi smenada o‘qimoqdalar.

Joli livanliklarning bag‘rikengligi va mehmondo‘stligiga alohida e'tibor qaratdi. “Men Livan xalqiga millionlab odamlarning hayotini qutqarishda ko‘rsatgan yordami uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Qochqinlarning soni mamlakat aholisining to‘rtdan bir qismiga teng bo‘lgan bir vaziyatda Livanga bu og‘ir yukni ko‘tarish oson emas. Bu - xalqning yuqori insonparvarligini ko‘rsatadi”, -tashakkurini izhor qildi ko‘ngilli elchi.

Top