O‘zbekiston | 23:42 / 25.03.2016
5100
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Abdulla Oripov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

24 mart kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Uz24.uz” xabar bermoqda.

Ijodiy kechada so‘zga chiqqanlar Abdulla Oripovning hozirgi o‘zbek adabiyoti va zamonaviy tarjimashunoslik rivojiga qo‘shgan hissasi haqida so‘zladilar. Pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev Abdulla Oripov asarlarining milliy ruhiyatga ta'siri, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim Abdulla Oripov she'riyatida ruh ozodligi talqini haqida so‘zlagan bo‘lsalar, O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron Abdulla Oripovning jonkuyar va g‘amxo‘r ustoz sifatidagi xislatlariga alohida to‘xtaldi. “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Shuhrat Rizayev “Shoir Abdulla Oripovning tarjimonlik faoliyati” mavzusida nutq so‘zlagan bo‘lsa, “O‘zbekiston” nashriyoti direktori o‘rinbosari Ashurali Jo‘rayev “Abdulla Oripov ijodida publitsistik ruh” degan mavzuni yoritdi.

Uchrashuv so‘nggida ustoz shoir uchrashuv ishtirokchilariga dil izhorini aytib, yangi she'rlaridan o‘qib berdi.