Jahon | 18:33 / 28.03.2016
1616
2 daqiqa o‘qiladi

Obama Erdo‘g‘on bilan uchrashishdan bosh tortdi

AQSh prezidenti Barak Obama Vashingtonda Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on bilan shaxsan uchrashmaydi. Bu haqda The Wall Street Journal nashrida yozilgan.

Xabar qilinishicha, Erdo‘g‘on yaqin kunlarda yadro xavfsizligiga doir sammitda ishtirok etish uchun Vashingtonga keladi. Turkiya yetakchisi safari davomida Merilend shtatida Anqara tomonidan moliyalashtirilgan masjid ochilishida qatnashadi.

"Obama Erdo‘g‘onning ayni shu ochilish marosimiga taklifini rad etgan", deb yozadi gazeta.

Bundan tashqari, WSJ nashriga tayangan holda ma'lum qilinishicha, Amerika rahbari turkiyalik hamkasbi bilan sammit doirasida ham uchrashmaydi. Ammo, Oq uyning uqdirishicha, buni hurmatsizlik sifatida baholash noo‘rindir. Ikki davlat rahbarlari G20ning 2015 yil noyabridagi sammitida uchrashgan, shuningdek, fevral oyida telefon orqali suhbatlashishgan edi.

Ekspertlarning fikricha, rasmiy Vashington va Anqara o‘rtasidagi munosabatlar, turklarning kurdlar va muxolifatga qarshi siyosati tufayli biroz taranglashgan.

Bundan avvalroq, AQSh Davlat departamenti vakili Jon Kirbi, Turkiya demokratik prinsiplarga zid siyosat yuritayotganini aytib o‘tgandi.