Jamiyat | 16:42 / 05.04.2016
9479
8 daqiqa o‘qiladi

Tog‘li Qorabog‘: shaxmat taxtasidagi o‘yin...mi?

Amerika tomonining tashabbusi bilan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSh davlat kotibi Jon Kerri o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Ular Armaniston va Ozarbayjonga murojaat qilib, o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Har ikki mamlakat tashqi siyosat mahkamalarining rahbarlari Tog‘li Qorabog‘da vaziyat keskinlashib borayotganidan tashvishga tushayotganlarini bildirishdi. Bugun Venada YeXHTning Minsk guruhi yuzaga kelgan mazkur muammoni elchilar darajasida hal qilish borasida muloqotlar bo‘lib o‘tmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 1988 yil fevral oyida Tog‘li Qorabog‘ muxtor viloyati Ozarbayjon tarkibidan chiqishi borasida bayonot berganidan boshlab Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida mojarolar boshlanib ketdi. O‘sha kundan boshlab Ozarbayjon hududiy yaxlitligi saqlanib qolinishi borasida aytib, Armaniston esa mustaqilligi tan olinmagan respublika manfaatlarini himoya qilib keladi. Majoroni tinch yo‘llar bilan hal qilish borasidagi YeXHTning Minsk guruhi doirasidagi muloqotlar 1992 yilda boshlangan. Guruhning doimiy a'zolari sifatida AQSh, Rossiya, Germaniya, Fransiyadan tashqari Belarus, Germaniya, Italiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Turkiya, Armaniston va Ozarbayjon, shuningdek, YeXHTning avvalgi, amaldagi va kelajakdagi raislari ko‘riladi.

4 aprel kuni Tog‘li Qorabog‘da keng qamrovli harbiy harakatlar kuzatildi. Armaniston prezidenti Serj Sargsyan YeXHTga a'zo mamlakatlar elchilari bilan uchrashar ekan, harbiy harakatlar keskinlashib ketgudek bo‘lsa, keng qamrovli urushga aylanib ketishidan ogohlantirdi va harbiy harakatlar davom etadigan bo‘lsa, u holda Armaniston Tog‘li Qorabog‘ mustaqilligini tan olishi borasida bayonot berdi. Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligining matbuot kotibi Xikmet Gadjiyev Boku o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligini, biroq buning uchun Armaniston BMT Xavfsizlik kengashi qabul qilgan rezolyutsiyalarga amal qilgan holda Ozarbayjonning okkupatsiya qilingan hududlarini tark etishi kerakligini bildirdi.

Muxbirlarning xabar qilishicha, bugun Tog‘li Qorabog‘da nisbatan osoyishtalik hukmronlik qilmoqda. Janglar aholi punktlaridan tashqarida kuzatilmoqda. Maktablar faqat 2 aprel kuni ishlamadi, xolos. Chunki maktablarga janglar kuzatilayotgan mintaqalardan qochib kelgan odamlar joylashtirildi. Tog‘li Qorabog‘dagi shifoxonalar yaradorlarni qabul qilishga tayyor holatga keltirib qo‘yildi. 4 aprelga o‘tar kechasi Stepanakertga “Yerkrap” ko‘ngillilar harakatining 200ga yaqin a'zosi keldi. Millatchilarning “Dashnaktsutyun” partiyasi vakillarining kelishi ham kutilmoqda.

Ozarbayjon matbuotining yozishicha, Tog‘li Qorabog‘ mojarosi davom etayotgan chorak asrlik davrdan beri Amerika matbuotida ilk bor janglar Armaniston okkupatsiya qilingan Ozarbayjonning sobiq muxtor viloyatida yuz berayotgani xaqida xabarlar paydo bo‘ldi. Shu tariqa AQSh OAVida Armaniston okkupant sifatida talqin qilindi.

Ekspertlarning fikricha, bu galgi vaziyat 1994 yilda boshlangan eng yirik keskinlik ekanini aytishmoqda. Aynan o‘sha yili Ozarbayjon, Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ o‘rtasida kelishuvga erishilgan edi. Ammo bu kelishuv hayotga to‘la tatbiq etildi, deb bo‘lmaydi.

Jumadan shanbaga o‘tar kechasi boshlangan qurolli to‘qnashuvlar ortida kimlar turibdi? Bu savolga hozircha to‘liq javob topishning iloji yo‘q. Jahon, jumladan, Rossiya matbuoti keskinlikni o‘zi bilganicha talqin qilmoqda. Ayrimlar keskinlik ortida Turkiya turibdi, desa boshqalar Rossiyani ayblashmoqda. Keling, yaxshisi, Rossiya matbuotidagi xabarlarga murojaat qilamiz. (inosmi.ru «Konflikt v Nagornom Karabaxe — nachalo «voyny chujimi rukami»?, «Nagornyy Karabax zapylayet?», «Avantyura v Karabaxe: kto nachal pervym?», «Konstantin Borovoy: v Kremle vozmushcheny nezavisimoy politikoy Azerbaydjana», «Konflikt v Nagornom Karabaxe grozit voynoy s uchastiyem Rossii i Turtsii», «Eta voyna, kotoruyu armyane proigrali», «Razmorojyennyy konflikt na Kavkaze»)

Armaniston tomonining fikricha, bu galgi mojaro Ozarbayjon tomonidan boshlangan. Ammo rasmiy Boku bu kabi iddaolarni keskin rad etmoqda. Ularning aytishicha, Ozarbayjon qurolli kuchlari faqat javob zarbasini bergan.

Ayrim tahlilchilarning fikricha, Qorabog‘ atrofidagi mojarolarning asosiy garovi sifatida Kreml ko‘riladi. Tog‘li Qorabog‘ sobiq tashqi ishlar vaziri Armen Melikyanning so‘zlariga ko‘ra, Qorabog‘ Rossiyaning Armaniston va Ozarbayjon bilan bo‘lgan munosabatlarining garoviga aylangan. Bu fikrlardan ko‘rinib turibdiki, Rossiya Kavkazdagi mana shu ikki respublikadan biri bilan munosabatlarida muammo paydo bo‘lsa, Tog‘li Qorabog‘ qartasi o‘ynaladi. Rossiyalik siyosatchi Konstantin Borovoyning so‘zlariga qaraganda, Rossiya anchadan beri turli mojarolarda provokatorlardan foydalanish taktikasini qo‘llamoqda. Bu Janubiy Osetiya, Abxaziya, Dnestrbo‘yi, Ukraina sharqidagi majorolarda ko‘rinadi. Siyosatchining aytishicha, Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida yuzaga kelgan mojarolarga to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiyaning aloqasi bor. Xuddi shu kabi fikrlarni rossiyalik siyosatshunos va publitsist Andrey Piontkovskiy ham qayd qilib o‘tdi. Uning fikricha, shu tariqa Rossiya mojaroni uyushtirib, so‘ngra tinchlikparvar sifatida sahnada tinchlikparvar sifatida paydo bo‘ladi. Shu tariqa Kreml nafaqat Armaniston va Ozarbayjon, balki Gruziya ustidan ham nazorat o‘rnatishga muvaffaq bo‘ladi. Kremlning yana bir maqsadlaridan biri jahondagi biror bir muammo Rossiya ishtirokisiz hal bo‘lmasligini eslatib qo‘yishdan iborat ekan.

Bu galgi mojaro Ozarbayjon va Armaniston prezidentlari Vashingtonda bo‘lgan bir vaqtda yuz berdi. Har ikki prezident bu galgi keskinlashuv uchinchi tomon xohishi bilan yuzaga kelganidan xabardor etildilar. Shuni aytish kerakki, Rossiya ham Ozarbayjon, ham Armaniston o‘z ta'sir doirasida bo‘lishini istaydi. Shu sababli Tog‘li Qorabog‘ muammosining hal etilishi dargumon. Konstantin Borovoyning so‘zlariga qaraganda, Ozarbayjonning AQSh, Yevropa va Turkiya bilan aloqasi yaxshiligi ham Rossiyaga yoqmasligi mumkin.

Mintaqadagi vaziyatni kuzatib borayotgan ekspertlarning fikricha, Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlar ertami kech qayta tikalanishi turgan gap edi. Bu qo‘rquvlar 2 aprelga o‘tar kechasi amalga oshdi.
Qorabog‘dagi yangi urush nafaqat Armaniston va Ozarbayjon fojiasi, balki butun Janubiy Kavkaz uchun halokatli bo‘lishi mumkin.

Ozarbayjon tinchliksevar davlat. Hududining 20 foizi okkupatsiya qilinganiga, bir milliondan ortiq ozarbayjon millatiga mansub fuqoro o‘z yerlaridan bosh olib ketgan bo‘lishiga qaramay, rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ muammosi 1993 yil 30 aprelda (№822), 1993 yil 29 iyulda (№853) va 1993 yil 14 oktabrda (№874) qabul qilingan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘llar bilan hal qilinishini istaydi.

Sharofidin To‘laganov