Jahon | 17:31 / 11.04.2016
2091
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Saudiya Arabistoni podshohining Anqaraga tashrifi uchun mehmonxona band etilib, 500ta lyuks avtomobil ijaraga olindi

Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdul Aziz Al Saud Turkiyaga tashrif buyurishi munosabati bilan uning ma'muriyati 500ta lyuks avtomobillarni ijaraga oldi va poytaxtdagi eng zamonaviy mehmonxonani to‘liq band etdi. HuberTurk telekanali xabariga ko‘ra, mehmonxonaning avtoturargohi podshohning bunday hajmli korteji uchun kichiklik qildi.

Al Saud xorijga tashriflarida xavfsizlik sharoitlarini ta'minlash, shuningdek, o‘z qudratini namoyish etish maqsadida "katta oyoq tashlashi", ya'ni safarni hashamatli darajada o‘tkazishi bilan ma'lum.

Anqaraning obro‘li tumanida prezident qarorgohiga yaqin joylashgan besh yulduzli mehmonxona bir necha kun davomida faqat qirol va uning mulozimlariga xizmat ko‘rsatadi. Mehmonxonadagi barcha yuzlab nomerlar sotib olingan. Maxsus ruxsatnoma asosida kirish tizimi tashkil etilgan.

Saudiya Arabistoni rahbari uchun Turkiyaga bir necha yuk mashinalarida oziq-ovqat mahsulotlari, choyshablar va hatto gigiyena vositalari keltirilgan.

Qirolning o‘zi mehmonxonaning eng yaxshi nomerli alohida qavatda istiqomat qiladi. Ma'lum bo‘lishicha, unga o‘zining mulozimlari xizmat ko‘rsatadi.

Shaharda harakatlanish, uchrashuvlar tashkil etish uchun Al Saudning ma'muriyati o‘zi olib kelgan transportlardan tashqari Turkiyada 500 dona atrofida lyuks sinfidagi mashinalarni ijaraga olgan. Anqarada hukumat avtomobillari va mikroavtobuslari yetarli miqdorda bo‘lmagani sababli qo‘shimcha mashinalar Istanbul, Antaliya va boshqa yirik shaharlardan yetkazildi. Qirolning barcha transporti mehmonxonaning ko‘p qavatli avtoturargohlarga sig‘may qoldi. Uning atrofida ikki qatorli safda 200 metrga cho‘zilgan masofada qora rangli avtomobillar tizildi.

Turkiya o‘tgan yilning noyabr oyida ham G20 sammitida qatnashish uchun Antaliyaga kelgan Al Saudni qabul qilgan edi. O‘shanda Saudiya delegatsiyasi tarkibida ming nafar atrofida odam Turkiyaga kelgan. Qirolning tashrifiga ikki oy oldin tayyorgarlik ko‘rila boshlangan. Qirol va uning mulozimlari uchun 550ta nomerli “Mardan Palas” mehmonxonasi to‘liq sotib olingan.

Ar Riyoddan Antaliyaga oziq-ovqat mahsulotlari, idish-tovoq, choyshab va qirol oilasi foydalanishga ko‘nikkan boshqa barcha narsalar yuklangan 16ta yuk mashinasi keltirilgan. Shuningdek, Turkiyaning kurort shahriga Al Saudning yevropalik ishlab chiqaruvchi tomonidan maxsus buyurtma asosida yasalgan 65ta mashinasi olib kelingandi.