Volkswagen yirik krossover ishlab chiqarmoqchi
Volkswagen kompaniyasi yirik hajmli yo‘ltanlamasining ilk suratlarini namoyish etdi. Uning prototipi 25 aprel kuni Pekin avtosalonida omma e'tiboriga havola qilinadi. U kelajakda keng miqyosda ishlab chiqilishi ham mumkin. World Car Fans nashrining yozishicha, gap Touareg’ning yangi avlodi haqida borayotgan bo‘lishi mumkin.
Suratlarga qarab aytish mumkinki, mashina kuzovi plastik himoya qobig‘iga ega bo‘ladi, unga diodli yoritqichlar o‘rnatiladi. Yo‘ltanlamas gibrid qurilmasi yordamida harakatga keltiriladi. Uning umumiy quvvati, 376 ot kuchiga teng bo‘lib, 100 km/soat tezlikka 6 soniyada erishadi. Maksimal tezligi soatiga 223 kilometrni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, 2016 yil yanvarida Detroyt avtoko‘rgazmasida Volkswagen Tiguan GTE Active gibrid prototipini namoyish etgan edi. Kontsept AQSh bozoriga mo‘ljallangan bo‘lib, seriyali ishlab chiqariladi. Model kelasi yildan Meksikadagi zavodda yig‘ila boshlanadi.
U 2015 yili e'lon qilingan Tiguan GTE concept prototipining qayta ishlangan shakli bo‘lib, unga benzinli divgateldan tashqari, ikkita elektromotor o‘rnatilgan. Krossoverning umumiy quvvati – 221 ot kuchiga teng bo‘lib, 100 km/soat tezlikka 6,4 soniyada chiqa oladi.
Tiguan GTE Active 6 bosqichli avtomatik uzatmalar qutisi bilan jihozlanadi.