Alibaba asoschisi: Xitoy iqtisodiyotini 3-5 yillik og‘ir davr kutmoqda
Elektron kommersiya giganti, Alibaba kompaniyasining asoschisi Jyek Ma Hongkongning South China Morning Post gazetasiga bergan intervyusida Xitoy iqtisodiyoti 3-5 yilga og‘ir davrni boshidan kechirishi, shunga qaramay keyingi 15-20 yilda u boshqa iqtisodiyotlar havas qiladigan darajada taraqqiy etishi haqida gapirib o‘tdi.
"Bunday miqyosdagi iqtisodiyot doimo shunday shiddat bilan o‘sishini kutishga sabab yo‘q, Xitoyga ham bundan buyon shunday tezlikda o‘sishning yaxshi tomoni yo‘q. Keyingi 15-20 yilda Xitoy iqtisodiyoti hoynahoy boshqa davlatlar havas qiladigan darajada rivojlanishda davom etadi", - dedi Jyek Ma.
Uning fikricha, 30 yildan ortiq doimiy o‘sishdan keyin bir qancha vaqtning taraqqiyot kursini to‘g‘irlashga sarflash tabiiy hol.
Jyek Ma iqtisodiyotda eng asosiysi - tadbirkorlik deb hisoblaydi. U biznes Xitoyning gullab-yashnashi va muvaffaqiyatiga yordam berishiga ishonch bildirgan.
Jyek Maning so‘zlariga ko‘ra, xorijiy investorlarni xavotirga qo‘ygan Xitoy iqtisodiyotining sekinlashuvi aslida yangi imkoniyatlarni yaratadi. Jumladan, qishloq joylarini rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish va informatsion texnologiyalar sohasida.
Jyek Ma Xitoyni ham xuddi Yaponiyadagidek iqtisodiy turg‘unlik kutayotgani to‘g‘risidagi xavotirlarga chek qo‘ydi. Uning fikricha, Xitoy avvalgidek ulkan salohiyatga ega.
2015 yil yakunlariga ko‘ra, Xitoyda YaIM o‘sish suratlari 6,9 foizga pasaygan, bu oxirgi 25 yil mobaynidagi eng yomon ko‘rsatkich. 2016 yil uchun Xitoy hukumati o‘sish ko‘rsatkichini 6,5 foizdan 7 foizgacha belgiladi. Birinchi kvartal natijalariga ko‘ra, o‘sish 6,7 foizni tashkil etgan.