Sport | 16:27 / 20.04.2016
1681
2 daqiqa o‘qiladi

Noyyer «Bavariya» bilan shartnomasini 2021 yilgacha uzaytirdi

«Bavariya» jamoa darvozaboni Manuel Noyyer bilan yangi shartnoma imzoladi. Bu haqda myunxenliklar jamoasi saytida ma'lum qilingan.

30 yoshli bu darvozabon bilan tuzilgan yangi bitim 2021 yilgacha amal qiladi. Futbolchi myunxenliklar klubiga 2011 yilning yozida kelib qo‘shilgan, undan oldin «Shalke-04» jamoasi sharafini himoya qilgandi.

Ushbu futbolchining amaldagi shartnomasi 2019 yilning yoziga qadar tuzilgandi. Ayni vaqtda jamao bosh murabbiyi hisoblanadigan Xosep Gvardiola uning mavsum yakunlangach o‘zi bilan «Manchester Siti» jamoasiga olib o‘tishi haqida xabarlar berilgandi.

transfermarkt.de portali ma'lumotiga ko‘ra, Noyyerning transfer qiymati 45 mln yevro etib belgilangan.

«Bavariya» tarkibida Noyyer 3 marta Germaniya chempioni bo‘ldi, 2 marta mamlakat Kubogi sohibiga aylandi va bir martadan YeChLda hamda Yevropa Superkubogida zafar quchdi.

U Germaniya terma jamoasining ham asosiy darvozaboni hisoblanadi va u jamoa bilan 2014 yilgi JChda g‘olib chiqqan. Shuningdek, 2010 yilgi mundial va 2012 yilgi Yevropa chempionatining bronza medallariga ega bo‘lgan.

Noyyer bir necha marta yilning eng yaxshi futbolchi uchun beriladigan «Oltin to‘p» mukofoti uchun da'vogarlar qatoriga kirgan.