09:16 / 24.04.2016
2046

Qozog‘istonlik bokschi Golovkin amerikalik Uyeydni nokautga uchratdi

34 yoshli qozog‘istonlik bokschi Gennadiy Golovkin IBF chempioni kamari uchun majburiy da'vogar, 26 yoshli amerikalik bokschi Dominik Ueydga qarshi jangda raqibi ustidan muddatdan avval g‘alabaga erishdi. AQShning Inglvud shahrida bo‘lib o‘tgan jang 2-raunddayoq tugadi.

Navbatdagi marta yakshanba tongi ko‘plab qozog‘istonliklarni televizor oldiga to‘plagan Golovkin jangni o‘z uslubiga xos tarzda, ya'ni raqibiga kuchli hujumlar berib boshladi. Qozog‘istonlik bokschi shu tariqa raqibi jangga qanchalik tayyorligini tekshirmoqchi bo‘lgan. Amerikalik GGG’ning bosimini ko‘tara olgandek tuyulsada, 2-raundda ringga quladi. Jang hakami amerikalik bokschiga texnik nokaut berdi.

Qozog‘istonlik bokschi 16 marta WBA, 13 marta IBO, 4 marta WBC va birinchi marta IBF chempioni kamarini himoya qildi. Bu jang Golovkin uchun 2016 yildagi birinchi va faloyatidagi 35-jang bo‘ldi. Golovkin barcha janglarida g‘olib bo‘lgan, ulardan 32 tasini muddatidan avval yakunlagan. 26 yoshli Ueyd o‘z faoliyatidagi 18 ta g‘alabadan keyin birinchi mag‘lubiyatiga uchradi.

Top