Jahon | 09:58 / 28.04.2016
1966
2 daqiqa o‘qiladi

Saakashvili: Ukrainaning Odessa shahriga «Azov» jangchilari yetib kelishdi

Ukraina milliy gvardiyasi «Azov» bo‘linmasining 300 nafar xizmatchisi Mariupoldan Odessaga yetib kelgan. Bu haqda Odessa viloyati gubernatori Mixail Saakashvili Facebook’dagi sahifasida e'lon qildi.

«Yaqin kunlarda qolganlari ham yetib kelishi kerak», — deya izoh bergan Saakashvili «Ukrainskaya pravda» gazetasi bilan suhbatida.

Gazeta ma'lumotlariga ko‘ra, «Azov» jangchilari 2 hafta muqaddam Odessaga keltirilgan va ayni vaqtda ular texnikalarni joylashtirish bilan band.

27 aprel kuni Ukraina IIV maslahatchisi Zoryan Shkiryak Odessada qurolli fitnalar yuz beradigan bo‘lsa, vazirlik bo‘linmalari o‘t ochishini bildirgan edi. Bundan avval Shkiryak Odessa viloyati rahbari Mixail Saakashvilining mingga yaqin milliy gvardiyachi Odessaga safarbar etilgani xususidagi xabarini inkor etgan edi. Arsen Avakov maslahatchisining qayd etishicha, shaharda aksilterror amaliyot o‘tkazilayapti. Saakashvilining o‘zi Odessaga Milliy gvardiya bo‘linmalari kirishini shaharda jamoat tartibini saqlash uchun zarur, deb izohlagandi.

Aytish joizki, bir necha kundan beri Odessa shahar hokimiyati uchun ziddiyat davom etmoqda. 26 aprel kuni norozilik namoyishi qatnashchilari hokimiyat binosini qurshab olib, kechasi unga hujum qilishgan edi. Ular Odessa shahar meri Gennadiy Truxanovni iste'fosini talab qilishmoqda.

11 aprel kuni Saakashvili Truxanovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘ash zarurligi xususida bayonot bergandi. Uning aytishicha, Truxanov ofshor korxonalari va Rossiya fuqaroligiga ega.