O‘zbekiston Rossiya va MDHga avtomobillari eksportida qo‘llash uchun tejamkor vosita ishlab chiqmoqda
O‘zbekiston temiryo‘lchilari ayni damda butunlay yangi uch qavatli temir yo‘l vagoni ishlab chiqarish ustida ishlamoqda. Ushbu vagonlar GM Uzbekistan mahsulotlarini Rossiya va MDHning boshqa mamlakatlariga eksport qilishda foydalanish uchun mo‘ljallangan. Bunday yangi vagonlardan foydalanish yaqin 2 yil ichida yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.
Sputnik O‘zbekiston muxbirining Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti vakiliga asoslanib bergan xabariga ko‘ra, ushbu loyihani amalga oshirish oliygohning “Vagonlar va vagon xo‘jaligi” kafedrasining bir necha yosh olimlariga topshirilgan. Loyiha “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tashabbusi bilan boshlangan.
“Bizning avtomobil sanoatimiz mahsuloti MDH bozorida katta talabga ega. Hozir mahsulot temir yo‘l transporti orqali ikki yarusli vagonlarda boshqa mamlakatlarga jo‘natiladi. Avtomobillarni uzoq masofaga jo‘natishda aynan temir yo‘l transportidan foydalanish qulayroq. Avtomobillar tashish narxini tushirish orqali, avtomobillarimizning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida institut uch qavatli vagonlar yasashga kirishdi. Bu kabi avtomobil tashuvchi vagonlar bizga yiliga bir necha yuz milliard so‘mni tejash imkonini beradi. Bu temir yo‘l tashish narxlari oshayotgan vaqtda juda dolzarbdir”, — deydi manba.
Hozirda loyiha texnik-iqtisodiy asoslash bosqichida turibdi. Yangi vagonning 3D modeli ishlab chiqilgan. Vagon to‘liq temir karkasdan tashkil topgan bo‘lib, uning ramasi pastga tushirilgan. Vagonning orqa tomonida eshigi bor va yon tomoni to‘liq ochiladi. Kuzovda harakatlanadigan rama o‘rnatilgan, unga avtomobillarni joylashtirish va mustahkamlash mumkin.
Yangi vagon pastlatilgan ramaga ega bo‘lib, u vagon maydonidan samarali foydalanish imkonini beradi va 19tagacha avtomobil sig‘dirishi mumkin. Hozirgi vagonlar ikki qavatli bo‘lib 10tagacha avtomobil uchun mo‘ljallangan.
Vagon loyihasi to‘liq "O‘zbekiston temir yullari" tomonidan moliyalashtiriladi va Toshkent Mexanika zavodida ishlab chiqariladi.
2016 yilning 1-choragida "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ 16,7 million tonna yuk tashidi. Bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 100 ming tonnaga ko‘p demakdir. Shuningdek, 1-chorakda kompaniya 4,9 mln kishining uzog‘ini yaqin qilgan.