Jamiyat | 08:25 / 01.05.2016
2788
1 daqiqa o‘qiladi

Yoqutistonda 400 kg lik Pasxa shirinligi pishirildi

Yoqutistonda Pasxa bayrami munosabati bilan 400 kg lik shohona kulich (Pasxada pishiriladigan shirin non) pishirildi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi. 

Nemyugyunsk non mahsulotlari kombinati tijorat direktori o‘rinbosari Ilya Gogolevning aytishicha, kulichni 12 qandolatchi va novvoy ikki smenadan 3 kun davomida pishirganlar.

Kulichga 200 kg un, 900 ta tuxum, 60 kg shakar, 18 kg mayiz va 20 kg ga yaqin tsukat ishlatildi. Kulichning balandligi 1,5 metrdan balandroq chiqdi.

Gogolevning ta'kidlashicha, shohona kulich bo‘lib-bo‘lib pishirilgan. Natijada pishiriq 9 ta qatlamdan iborat bo‘ldi.

"Biz Yoqutiston va Uzoq Sharq tarixida birinchi marta bunday katta kulich tayyorladik", deb aytdi Gogolev.

Kulichni barcha istovchilar 1 maydagi bayram tantanalarida totib ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.