MRB boshlig‘i 11 sentabrdagi teraktlar haqidagi hisobotning oshkor qilinishiga qarshi chiqmoqda
AQSh hukumati 2001 yil 11 sentabrdagi teraktlarni tergov qilgan maxsus komissiya hisobotining bir qismini hech qachon oshkor qilmasligi kerak. Bu haqda Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i Jon Brennan NBC telekanali efirida aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.
Brennan o‘z fikrini bu hujjatlarda noaniq ma'lumotlar keltirilgani bilan asoslamoqda, bu esa Vashingtonga zarar yetkazishi mumkin.
MRB boshlig‘i hujjatlarda faqatgina dastlabki xulosalar keltirilgani, keyinroq ular aniqlashtirib, to‘ldirilganini ta'kidlab o‘tdi. Uning aytishicha, hujjatlarda "to‘g‘ri ma'lumotlar bilan bir qatorda noto‘g‘ri ma'lumotlar ham bor".
Brennanning aytishicha, hisobotning keyingi tahlili "Saudiya Arabistoni hukumati yoki amaldorlari "Al-Qoida"ga teraktni amalga oshirishda moliyaviy ko‘mak ko‘rsatganining hech qanday isboti yo‘qligini" ko‘rsatgan.
Brennanning ta'kidlashicha, hujjatlar chop etilsa, "kimdir undagi tekshirilmagan ma'lumotlardan foydalanishi mumkin".
MRB boshlig‘i Vashington va Ar-Riyod o‘rtasidagi munosabatlarning muhimligini ta'kidlab o‘tdi. "Bizning Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarimiz mustahkamdir. Bunday mustahkam munosabatlar iqtisodiy, siyosiy, harbiy va razvedka sohalarida mavjud", deb aytdi Brennan.
Aprel oxirida senator Bob Grexem Fox News telekanaliga AQSh prezidenti Barak Obama taxminan keyingi 2 oy ichida 11 sentabrdagi teraktlar tergovi haqidagi hisobotning 28 sahifasidan "mutlaq maxfiy" belgisining olinishiga buyruq berishini ma'lum qilgandi.
Hisobotning oxirgi bo‘limidagi 28 sahifasidan tashqari, 800 dan ko‘proq beti chop etilgan. Bu sahifalar milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan zudlik bilan maxfiylashtirilgandi.
Grexemning aytishicha, bu sahifalarda teraktni uyushtirgan Saudiya Arabistoni fuqarolariga aynan kim yordam bergani haqida batafsil ma'lumotlar bor.
Teraktni amalga oshirgan 19 terrorchidan 15 nafari Saudiya Arabistoni, 2 nafari BAA, bir nafari Misr va yana bir nafari Livan fuqarosi bo‘lgan.