O‘zbekiston | 13:01 / 02.05.2016
5086
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda pillachilikni rivojlantirish uchun 620 ming tup tut ko‘chati ekildi

Navoiy viloyati pillakorlari joriy yilda ming tonnadan ortiq qimmatbaho xomashyo yetishtirishni rejalashtirgan.

Agrar sohani isloh qilish jarayonida pillachilikni rivojlantirish, uning ozuqa bazasini mustahkamlash, yetishtirilgan xomashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulotni eksport qilishga alohida e'tibor qaratilmoqda. 

“Xomashyodan – tayyor mahsulotga” mexanizmi asosida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida ip-kalava hamda ipak tolasi, undan tayyorlanayotgan bejirim mahsulotlar ichki va tashqi bozorda tobora xaridorgir bo‘lib bormoqda.

Viloyatda sifatli pilla yetishtirish, oliy navli ipak olish maqsadida 14 ming quti pilla urug‘i keltirilib, qo‘shimcha 3 ming 700 quti mahalliy urug‘lar to‘liq jonlantirildi.

"Ayni paytda 1 ming 296 fermer xo‘jaligida pilla yetishtirilmoqda. Mavsumni betalafot o‘tkazish maqsadida tutzorlar alohida muhofaza qilinib, 620 ming tup tut ko‘chati ekildi. Yetishtirilgan xomashyoni o‘z vaqtida yig‘ib olish uchun maxsus punktlar tayyor holatga keltirilmoqda", – deydi Navoiy viloyati “Pilla” birlashmasi raisi Umid Narziyev.

Viloyatda pilla xomashyosidan ipak tola olish, ya'ni pillani qayta ishlash borasida maxsus fabrikalar faoliyat yuritmoqda. Xususan, Xatirchi tumanidagi “Xatirchi pilla xazinasi” xususiy korxonasida yiliga 60-65 tonna pillani qayta ishlash imkoniyati mavjud. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan sexda sanoatbop quruq pilladan sifatli ipak tolasi tayyorlanmoqda.