TDYuU talabalarining bilimlarini baholash tartibi belgilandi
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Adliya vazirligining qo‘shma qarori (AV tomonidan 22.04.2016 yilda 2780-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) bilan Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qitishning modul tizimi sharoitlarida talabalar bilimini nazorat qilish tartibi va baholash mezonlari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Universitet talabalari bilimini nazorat qilish va baholashning maqsadi yuqori malakali, raqobatbardosh, mamlakatda o‘tkazilayotgan demokratik va huquqiy islohotlarning yuqori talablariga, zamonaviy xalqaro standartlarga javob bera oladigan yuridik kadrlarni tayyorlash hamda talabalarda mustaqil ta'lim olish, ta'lim sifatini boshqargan holda yuridik faoliyatning tegishli sohalarida tizimli tahlil qilish va boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish, talabalarning modullarni o‘zlashtirishida bo‘shliqlar hosil bo‘lishining oldini olish, ularni aniqlash va bartaraf etishdan iborat.
Modullar bo‘yicha talabalar bilimini semestr davomida baholab borish nazorat jadvallari va baholash mezonlari asosida amalga oshiriladi.
Modul - alohida o‘quv fani (uning qismi) bo‘lib, o‘zida bilimga oid hamda kasbiy jihatlarni qamrab oladi va talabaning fan dasturini o‘rganishi natijasida shakllangan bilim, ko‘nikma va malakalarini nazorat qilishning tegishli turi bilan yakunlanadi.
Universitetda joriy, oraliq va yakuniy nazorat turlari o‘tkaziladi. Har bir tur bo‘yicha zarur ma'lumotlar pedagog xodim tomonidan birinchi mashg‘ulotda talabalarga e'lon qilinadi.
Joriy nazorat talabaning modul mavzulari bo‘yicha bilimi va amaliy ko‘nikma darajasini aniqlash va baholash usuli hisoblanadi.
Modulning mazmunidan kelib chiqqan holda modulning bir semestrda o‘qitiladigan bir-biriga bog‘liq mavzulari kafedra tomonidan uchtadan ko‘p bo‘lmagan bloklarga birlashtiriladi. Har bir blok mavzusi doirasida joriy nazorat seminar, amaliy mashg‘ulot va laboratoriya mashg‘ulotlarida o‘tkaziladi. Modulning har bir mavzular bloki o‘qitiladigan oxirgi kuni pedagog xodim blokli joriy nazoratni yakunlaydi va ushbu reyting nazorati turi bo‘yicha talabalarning ballarini qo‘yadi.
Oraliq nazorat semestr davomida modul o‘quv dasturining tegishli bo‘limi tugagandan keyin talabaning bilim va amaliy ko‘nikma darajasini aniqlash va baholash usuli hisoblanadi. Barcha modullar bo‘yicha oraliq nazorat yozma ish shaklida semestr davomida 1 marotaba o‘tkaziladi.
Bakalavriat talabasining oraliq yozma ishining hajmi:
1-kursda — kamida 1 000 so‘zdan;
2-kursda — kamida 1 500 so‘zdan;
3-kursda — kamida 2 000 so‘zdan;
4-kursda — kamida 2 500 so‘zdan iborat bo‘lishi shart.
Yakuniy nazorat muayyan modul bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarning talabalar tomonidan o‘zlashtirish darajasini baholash usuli hisoblanadi. Yakuniy nazorat semestr yakunida yozma imtihon shaklida o‘tkaziladi.
Talabaning har bir modul bo‘yicha o‘zlashtirish darajasi talabalarning bilim, malaka va ko‘nikmalarini baholashning reyting tizimi bo‘yicha 100 ballik tizim asosida amalga oshiriladi.
Ballar quyidagicha taqsimlanadi:
joriy nazorat — 30 ball;
oraliq nazorat — 20 ball;
yakuniy nazorat — 50 ball.
Talabaning modul bo‘yicha to‘plagan ballari semestr yakunida nazorat turlari bo‘yicha jamlovchi reyting qaydnomasiga kiritiladi. Talabaning semestr (kurs) bo‘yicha umumiy reytingi barcha modullar bo‘yicha to‘plagan reyting ballarini qo‘shish yo‘li bilan aniqlanadi.
Qaror O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plamining 25.04.2016 yildagi 16-sonida rasman e'lon qilingan kundan kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bog‘langan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi» axborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
«O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida yangi» sharhini
ekspert-yurist Yelena YeRMOXINA tayyorladi.
Manba: norma.uz
Mavzuga oid
16:52 / 07.11.2024
O‘zbekistonning 23 ta oliygohi Osiyo universitetlari reytingiga kirdi
21:27 / 31.10.2024
Navoiy davlat universiteti tashkil etildi
14:36 / 24.10.2024
“Bir oyda foydalanishga topshiramiz” – Agrar universiteti yotoqxonasi ta’miridagi kamchiliklar bartaraf etilayotgani aytildi
12:30 / 23.10.2024