12:04 / 05.05.2016
5733

Qozog‘iston qirg‘iz kartoshkasiga vaqtinchalik taqiq joriy qildi

«Qozoq tomoni, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi shartnomasi va o‘simliklar muhofazasi hamda karantiniga oid xalqaro konvensiya bandlariga asoslanib,  2016 yil 4 mayidan e'tiboran Qirg‘iziston kartoshkasini mamlakatga olib kirishni taqiqladi», – deb xabar qilmoqda “KazTAG” agentligi Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vazirligi axborotidan ko‘chirma keltirgan holda. 

Ma'lum bo‘lishicha, so‘nggi vaqtlarda Kirg‘izistondan kirib kelayotgan kartoshka mahsulotlarida karantinga sabab bo‘luvchi parazit – tillarangli kartoshka  nematodi Globodera rostochiensis (Wollenweber) Behrens bir necha marotaba aniqlangan. Xususan, 2016 yil yanvar oyidan beri 79ta holat qayd etilgan bo‘lib, kasallangan kartoshkaning kirib kelishi bartaraf etilgan va Qirg‘izistonga ming tonnadan ortiq kartoshka qaytarib yuborilgan. 

Shu bilan birga, Ostona hukumati zudlik bilan ushbu parazitlarning qirg‘iz dalalarida keng tarqalib ketishining oldini olish choralarini ko‘rishni so‘rab, Bishkek rahbariyatiga murojaatnoma yuborgan. 

«Biroq o‘tgan davr mobaynida qirg‘iz tomonidan amalga oshirilgan ishlar xususida axborot kelmadi. Bundan tashqari, yuqoridagi salbiy holatlar takroran qayd etilmoqda», – deyiladi Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati bayonnomasida. 

Vazirlik rahbariyati, Qirg‘izistondan olib kirilayotgan kartoshkalardan takroriy ekin mavsumida urug‘lik sifatida foydalinilishidan xavotir bildirmoqda. Shu boisdan ham, ularning olib kirilishi taqiqlangan. 

Globodera rostochiensis (Wollenweber) Behrens nematodi kartoshka va pomidor ildizlarida parazitlik qiladigan dumaloq chuvalchanglardir. 

Kasallangan o‘simlik tezda sarg‘ayib qoladigan zaif poyalar chiqaradi. Hosil tugunchalari o‘ta kichik yoki umuman bo‘lmaydi. Bunday parazit, asosan, almashlab ekish kam uchraydigan joylarda ko‘p uchraydi. Buning oqibatida hosilning 30-80 foizi boy berilishi mumkin. 

U urug‘ donalari ko‘rinishida zararlangan tuproq vositasida yopishib olib, turli masofagacha bora oladi. Bundan tashqari, urug‘lik, ildizmevalar, yomg‘ir suvlari va shamol vositasida ham tarqaladi.

Top