VI Umumarmiya o‘yinlarining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida sportning harbiy-amaliy va Olimpiya turlari bo‘yicha VI Umumarmiya o‘yinlarining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
Har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan mazkur musobaqalar harbiy sohadagi muhim sport voqealaridan biridir. Unda harbiy okruglar, birlashma va oliy harbiy ta'lim muassasalaridan qatnashadigan jamoalar ko‘pkurash, harbiy va ofitserlar uchkurashi, o‘q otish, tosh ko‘tarish, badminton, regbi, boks bo‘yicha birinchilik kubogi hamda sovrinli o‘rinlar uchun o‘zaro bellashmoqda.
Harbiylarning regbi bo‘yicha bahslari tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Musobaqa yakuniga ko‘ra, Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtining “Barkamol” jamoasi birinchi o‘rinni egalladi.
Pistolet va avtomatdan otish bellashuvida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus fakulteti jamoasi, ofitserlar uchkurashida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug jamoasi g‘alaba qozondi.
Umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti sportchilari egalladi. 54178-harbiy qism jamoasi ikkinchi, Sharqiy harbiy okrug jamoasi uchinchi o‘rinni band etdi.