11:49 / 16.05.2016
42588

Hayot manbaining XXI asr holati

Kuni kecha Hindistonning Rajastxon shtatida yuz bergan hodisaga keng jamoatchilik o‘z e'tiborini qaratdi. Shtat ma'muriy markazi bo‘lmish Jaypur shahridagi tumanlardan birida kamida 50 kishi zaharlanish oqibatida shifokorlarga murojaat qildi. 41 kishiga hodisa joyining o‘zida tibbiy yordam ko‘rsatildi. Qolganlari esa shifoxonaga yotqizildi. Bemorlar ifloslangan suv iste'mol qilganliklari bois zaharlangani aytilmoqda. Hodisa yuz bergan mavzega shifokorlar guruhi yuborildi.

Suv yer yuzidagi hayot uchun muhim suyuqlikdir. Hayotimiz suvga bog‘liq. Ammo ming afsuski, yildan yilga suv havzalari ifloslanib bormoqda. Mutaxassislarning fikricha, toza ichimlik suvining ifloslanishi deganda daryo, ko‘l, yer osti suvlariga turli ifloslantiruvchi mahsulotlarning tushishi tushiniladi. Ko‘p hollarda suvlarning ifloslanishi ko‘zga tashlanmaydi. Chunki ifloslantiruvchi mahsulotlar suvga singib ketgan bo‘ladi.

Har yili suv havzalariga minglab kimyoviy mahsulotlar tushadi. Shuningdek, dengiz va okeanlarga ham 12 million tonna neft va neft mahsulotlari tushishi aytiladi. Atom elektrostansiyalaridan suvlarga radioaktiv chiqindilarning tushishi ham hech kimga sir emas. Ko‘lmak suvlarning suv manbalariga tushishishi ham suvlarni mikrobiologik ifloslanishiga sabab bo‘ladi.
XIX asrda yashab o‘tgan fransuz mikrobiologi Lui Paster “insonlar o‘z kasalliklarining 90 foizini ichishadi”, degan fikrlarni aytgan edi. Oradan ikki asr o‘tib, tibbiyot ancha oldinga qarab ketgan bo‘lishiga qaramay, bugungi kunda ham ichimlik suvi insonlarning hayoti uchun xavf tug‘dirmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyodagi kasalliklarning 80 foizi suvlarning sifatsizligi va antisanitar holatida bo‘lishi oqibatida kelib chiqadi. Mutaxassislarning aytishicha, suv 13 mingga yaqin turli toksik elementlar bilan ifloslanishi mumkin ekan. Yuzlab kasalliklarlarga aynan suv sabab bo‘ladi. Shu sababli ham ayrim mamlakatlarda millionlab odamlarning ifloslangan suv iste'mol qilishi oqibatida halok bo‘layotgani ayni haqiqat. Yer yuzida har uchta boladan bittasining o‘limiga ifloslangan suv sabab bo‘ladi. Mutaxassilar bevaqt o‘lim va kasalliklarning oldini olishning birdan bir yo‘li suvlarni tozalash ekanini aytib kelishadi.

Qishloq hududlarida suv sifati muammoligicha qolmoqda. Dunyo aholisining 90 foizi iste'mol va yuvinishda sifatsiz va ifloslangan suvdan foydalanadi. Birgina Angliya va Uelsda 80 foiz suvning ifloslanishiga fermer xo‘jaliklari sabab bo‘lar ekan. Mazkur mintaqa fermerlari bir yilda yerlarga 2,5 million tonna azot, fosfor va kaliy soladi. Bu mahsulotlar, o‘z navbatida, suvlarga tushishi sir emas.

Tabiat tizimi o‘zini o‘zi tozalashga qodir. Ammo tabiiy tozalashlarga to‘siqlar qo‘yilmoqda. Sohilbo‘yidagi o‘rmonlarning kesilishi ham suvlarning tabiiy filtrlanishi va suv aylanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Bu, o‘z navbatida, daryo oqimlarining o‘zgarib ketishiga olib kelmoqda. Buloqlarning qurib qolishi esa daryoga tushadigan suvlarning kamayib ketishiga sabab bo‘ladi. Shamollar daryo va ko‘llarga tuproq kukunlarini keltirib tashlamoqda. Yog‘ingarchilik oqibatida esa daryo va ko‘l suvlariga balchiqlar kelib tushmoqda. Sanoat korxonalarining chiqindilari, quvurlardan chiqayotgan iflos suvlar ham toza suvlarni ifloslantirmoqda.

Okeanlarning ifloslanishi ham dolzarb muammolardan biriga aylangan. Kemalarning halokatga uchrashi oqibatida suvlarga neft mahsulotlarining tushishi, o‘z navbatida, okeanlardagi o‘simlik va hayvonot dunyosiga zarar yetkazmoqda. Har yili jahon okeanlariga 10 million tonna neft tushadi. Har bir tonna neft suv sathini yupqa plenka singari qoplaydi. Ayni damda jahon okeanlarining beshdan bir qismi neft bilan qoplangan. Baliqlar nobud bo‘lmoqda. Baliqchilar bu baliqlarni tutib, uni bozorga eltadi. Bu baliqlarni iste'mol qilganlarning kasal bo‘lmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Bu borada ko‘l va daryolarning ifloslanib borayotganini ham tan olish kerak. Ayrim plyajlarning cho‘milish uchun xatarli bo‘lib borayotgani aytiladi. Yer yuzida ifloslanmagan daryolar barmoq bilan sanarli darajaga tushib qoldi.

Science Advances jurnalida bosilgan maqolada ta'kidlanishicha, yaqin 25-30 yil davomida jahonda ichimlik suv zahirasi ikki barobar qisqarar ekan. Bugungi kunda yer yuzidagi suvlarning atigi 3 foizini chuchuk suv tashkil qiladi. Mana shu chuchuk suv zaxiralarining 75 foizi aysberg va muzliklarda bo‘lib, qolgan qismi yer yuzida. Insoniyat chuchuk suvlarning atigi 1 foizidan foydalana oladi, xolos. Mana shu 1 foiz suv insoniyat talabini qondiradi. Biroq zamonaviy texnologiyalarning qo‘llanilishi ob-hayot atalmish suvning ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda.

Suv bu hayot. Undan tejab-tergab foydalanish, uni saqlash, suvni ifloslantirmaslik insoniyat oldida turgan burchdir.

Sharofiddin To‘laganov.

Top