Jamiyat | 08:33 / 16.05.2016
3913
2 daqiqa o‘qiladi

Ryanair aviakompaniyasi yo‘lovchilari ahmoqona hazil sababli evakuatsiya qilindi

Ikki erkakning parvozdan oldin samolyot salonidagi ahmoqona hazili reysning qoldirilishi va yo‘lovchilarning evakuatsiya qilinishiga sabab bo‘ldi.

Bu voqea Norvegiya poytaxti Oslo yaqinidagi Ryugge aeroportida Ryanair aviakompaniyasi samolyoti Britaniyaning Manchester shahriga uchishga tayyorlanayotganda sodir bo‘ldi. Ikki yo‘lovchi qolganlar ustidan hazil qilishga qaror qilib, ataylab baland ovozda bahslashishni boshlashdi. Salondagi yo‘lovchilar ularning suhbatida "bomba" degan so‘zni eshitib, vahima ko‘tarishdi. Bryusseldagi teraktlardan keyin yevropaliklar bunday narsalarga ayniqsa ancha sinchkovlik bildirmoqdalar.

Shundan keyin politsiyaga portlash xavfi haqida xabar tushgan, barcha yo‘lovchilar zudlik bilan evakuatsiya qilingan, samolyot tekshirib chiqilgan. Samolyot bortida hech qanday shubhali narsa aniqlanmagan. Keyinroq erkaklar hazil qilgani ma'lum bo‘ldi.

Britan OAV Norvegiya politsiyasiga iqtibos keltirgan holda ma'lum qilishicha, "hazilkashlar" hibsga olingan. Ulardan biri britaniyalik, ikkinchisi shri-lankalik bo‘lgan.