Jahon | 22:11 / 17.05.2016
4019
2 daqiqa o‘qiladi

BMT 1 iyundan Suriyaning qamal qilingan shaharlariga yordam yetkazishni boshlaydi

BMT 1 iyundan Suriyaning qamal qilingan shaharlariga havodan yordam tashlashni boshlaydi. Bu haqda 17 mayda Venada bo‘lib o‘tgan Suriyani qo‘llab-quvvatlash xalqaro guruhi uchrashuvi natijalariga bo‘yicha yakuniy bayonotda aytildi

"1 iyundan boshlab agar BMTga ko‘rsatilgan qamal qilingan hududlardan istalganiga insonparvarlik kirishi rad etilsa, Suriyani qo‘llab-quvvatlash xalqaro guruhi BMTning Jahon oziq-ovqat dasturidan zudlik bilan havo ko‘priklari dasturini amalga oshirishni va barcha muhtoj hududlarga havodan yordam tashlashni so‘raydi", deyilmoqda bayonotda.

BMTning Suriya bo‘yicha maxsus elchisi Staffan de Misturaning aytishicha, 18 ta qamal qilingan hududdan 12 tasi insonparvarlik yordami bilan qamrab olingan. Venadagi uchrashuvda "agar qamal qilingan hududlarga quruqlik orqali borib bo‘lmasa, unda yordam samolyotdan tashlanishi g‘oyasi ma'qullanadi".

"Biz havo operatsiyalarini quruqlik orqali yetib borolmaydigan barcha nuqtalarda o‘tkazish uchun barcha variantlarni ko‘rib chiqamiz", deb aytdi de Mistura va bunga Dayr-az-Zor shahridagi operatsiyani misol qilib ko‘rsatdi, bu yerdagi 110 ming kishilik aholiga yordam havo orqali yetkazilmoqda.