Jahon | 16:09 / 17.05.2016
9460
2 daqiqa o‘qiladi

Krasnoyarsk supermarketlarida O‘zbekiston tarvuzlari sotila boshlandi

Ngs.Novosti muxbiri «Komandor» supermarketida O‘zbekistondan yetkazilgan poliz mahsuloti sotilayotganini qayd etgan. Savdo markazida aniqlik kiritishlaricha, bu tarvuz Markaziy Osiyo hududidan keltirilgan birinchi partiyaga tegishlidir. 

Xabar qilinishicha, ushbu mahsulotdan kuniga bitta yoki ikkita sotilmoqda. Savdo do‘konlari, tarvuz savdosi mavsumini, asosan, iyun oyi o‘rtalarida boshlaydi. O‘zbekistondan Rossiyaga yetkazilgan tarvuzlar 1 kilogrammi 167,25 rubl (2,5 dollar)dan sotilmoqda, shunga ko‘ra savdo peshtaxtasidagi 8 kg.lik poliz mahsuloti narxi 1,3 ming rubl (20 dollar)ga teng. 

«Krasnyy Yar» va «O'Key» supermarketlarida esa, hozircha Markaziy Osiyo mintaqasidan keltirilgan poliz mahsulotlari yo‘qligini ma'lum qilishgan. Ammo «O'Key»da bir kilogrammi 199 rubldan (3 dollar) sotilayotgan va uzoq xorijdan keltirilgan tarvuzlar bor. Unchalik katta bo‘lmagan poliz mahsuloti, asosan, Argentina va Tailanddan olib kelingan. Ular qish mavsumida ham sotilgan.